30 May 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +22 °C

Transport
30 Mart  2020 649

Shartnomada isteʼmolchi huquqi kafolatlanishi lozim

Bugun aholi orasida barcha turdagi tovarlar, hatto mobil telefonlarni bank yoki xususiy tashkilotlar orqali kreditga olish ommalashdi. Ayniqsa, yurtdoshlarimizda yengil va yuk avtomashinalari xarid qilishga talab ortib borayotgan bugungi davrda avtokreditlarning joriy etilishi ayni muddao boʻlmoqda.

Ammo avtomobilni kreditga olish istagida banklarga borayotgan ayrim fuqarolar orasida kredit shartlari yoki toʻlov narxlari toʻgʻri kelmayotgani bois,mashinani oxirida sotib olish sharti bilan ijaraga beruvchi jamiyat yoki tashkilotlarga murojaat qilayotganlar ham koʻpchilikni tashkil etmoqda. Koʻp hollarda ularda qoʻyiladigan shartlarning birmuncha yengilligi kishilarni oʻziga ohanrabodek tortadi.

– Banklarda keyinchalik muammolar yuzaga kelmasligi uchun avtokredit berishda isteʼmolchidan daromadlari va kredit tarixi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, qatʼiy belgilangan boshlangʻich toʻlov summasi talab qilinsa, ijaraga beruvchi jamiyat yoki tashkilotlarni bu narsalar qiziqtirmasligi, ijara shartnomasi boʻyicha avtomashinani xarid qilish uchun zarur boʻlgan hujjatlar minimal paketi, odatda haydovchilik guvohnomasi va fuqarolik pasportining oʻzi yetarli boʻlishi insonlarga maʼqulroq, – deydi Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligi boshqarma boshligʻi Lochinbek Isabekov. – Yana bir jihati, bank kreditlari 3 yildan 5 yilgacha berilsa, xususiy tashkilotlarning ijara shartnomalarida bu muddat isteʼmolchining xohishiga qarab 3 yildan 7 yilgacha belgilanishi mumkin. Bundan tashqari, mazkur turdagi ijarada boshlangʻich toʻlovning moslashuvchanligi ham insonlarni oʻziga jalb qiladi va avtomobilni ijaraga beruvchi xoʻjalik subyektlari isteʼmolchi koʻzida qutqaruvchiga oʻxshab koʻrinadi.

Isteʼmolchilar huquqlari buzilmoqda

Ijara shartlari yengilligiga mahliyo boʻlib, avtomobilni ijaraga beruvchi firmalar bilan oʻz xohishiga koʻra shartnoma tuzayotganlar orasida keyinchalik aldanib qolayotgan insonlar ham yoʻq emas. Xususan, Prezidentimizning 2019-yil 11-sentyabrdagi “Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilishning huquqiy va institutsional tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni bilan Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi huzurida tashkil etilgan Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligiga mashinani ijaraga beruvchi xoʻjalik subyektlari bilan tuzilgan shartnomalar talabi bajarilmagani va isteʼmolchilar huquqlari buzilgani boʻyicha fuqarolardan 20 dan ortiq shikoyat xati, norozilik murojaati kelib tushgan.

– Bizga kelgan murojaatlarni oʻrganib, tahlil qilish jarayonida avtomobilni ijaraga beruvchi va ijaraga oluvchi oʻrtasida tuzilgan ikki tomonlama shartnomalarning aksariyatida isteʼmolchilarning huquqlari qoʻpol tarzda buzilayotganiga guvoh boʻldik, – deydi Lochinbek Isabekov. – Jumladan, shartnomaga koʻra, vaʼda qilingan mashina oʻz vaqtida yetkazib berilmagani yoki uning oʻrniga boshqa avtomobil berilgani, bundan norozi boʻlgan fuqaroga puli qaytarilmagani, qaytarilgan taqdirda ham hech qanday asossiz muayyan qismi ushlab qolingani holatlari kuzatilgan. Hatto ijara pulini bir necha bor kechiktirib toʻlagani uchun ijaraga beruvchi xoʻjalik subyekti tomonidan isteʼmolchi ustidan sudga ariza berilib, mashina sud orqali qaytarib olinishi boʻyicha ogohlantirish xati yuborilgan holatlar ham qayd etilgan. Maqsad isteʼmolchidan mashinani tortib olib, shu kungacha toʻlangan pulini ham qaytarib bermaslik boʻlgan. Bu turdagi aksariyat shartnomalarda faqat bir tomon – ijara beruvchi xoʻjalik subyekti manfaatlari yuqori turadi. Xususan, shartnoma shartlarida fuqarodan pul mablagʻlari nima maqsadda toʻlov sifatida qabul qilinayotgani, xoʻjalik yurituvchi subyektning xizmat xaqlari, avtomobilni topshirish muddati aniq va toʻgʻri koʻrsatilmagan. Xoʻjalik yurituvchi subyektning moliyaviy xoʻjalik faoliyati barqarorlik darajasi pasayganda yoki bankrotlik holatlari vujudga kelganida isteʼmolchilar tomonidan koʻriladigan zararlarning qoplanishi ham shartnomaning biror bandida kafolatlanmagan. Hatto ayrim isteʼmolchilar belgilangan toʻlovni amalga oshirganidan soʻng qoʻliga shartnoma hujjati berilmagan. Shuningdek, shartnoma shartlarida toʻlov toʻliq amalga oshirilgach, avtomashinani yetkazib berish muddati aniq koʻrsatilmagan. Isteʼmolchi toʻlovlarni ketma-ket ikki va undan ortiq marta oʻz vaqtida amalga oshirmasa, xoʻjalik yurituvchi subyekt zararni undirgan holda avtomashinani qaytarib olishi hamda toʻlangan toʻlovlarni qaytarib bermaslik huquqiga ega, deb koʻrsatilgani fuqarolar huquqlarining toʻgʻridan toʻgʻri buzilayotganidan dalolat.

Huquqiy asosi qanday?

Xoʻsh, avtomobilni ijaraga olish holatlari buzilganda fuqarolarning huquqlari qay tarzda himoya qilinadi?

– Mazkur faoliyatni tartibga solish boʻyicha qonunchilikda boʻshliqning mavjudligi, yaʼni lizing faoliyati yoki isteʼmol krediti predmetiga mos boʻlmagan holda kafolatlanmagan (taʼminlanmagan) moliyaviy xizmatlar koʻrsatilishi shu kabi muammolarning yuzaga kelishi va fuqarolarning aldanib qolishiga sabab boʻlyapti – deydi Lochinbek Isabekov. – Avtomobilni ijaraga berish litsenziya talab etilmaydigan faoliyat turi boʻlgani bois, uni tashkil etuvchi shaxslar davlat roʻyxatidan oʻtib, ish olib boraveradi. Yaʼni ularning faoliyati biror qonun asosida tartibga solinmagan. Ammo bu ularga isteʼmolchilar huquqlarini buzishga ruxsat bermaydi. Fuqarolar mazkur masalada agentlikka murojaat qilganidan soʻng biz arizaning mohiyatidan kelib chiqib, avtomobil ijaraga beruvchiga soʻrov xati yuboramiz. Ular xat asosida tushuntirish bergach, jarayonda haqiqatdan isteʼmolchilar huquqlari buzilgan boʻlsa, ularni oʻrnatilgan tartibda tiklash boʻyicha xoʻjalik yurituvchi subyektga zarur koʻrsatmalar beriladi. Bu koʻrsatmalar oʻz vaqtida bajarilmasa, maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning tegishli bandlariga binoan, ular jarima qoʻllash boʻyicha ogohlantiriladi. Shunda ham masala hal etilmasa, sudga fuqaroning huquqlarini himoya qilish boʻyicha daʼvo arizalari kiritishimiz mumkin. Firibgarlik, jinoyat alomatlari bor deb hisoblangan holatlarda ijaraga beruvchilar ustidan toʻplangan materiallar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga topshiriladi. Aytish kerakki, bugunga qadar agentlikda 10 ga yaqin isteʼmolchining murojaatlari ijobiy hal etildi.

— 2019-yil 4-iyunda “UMID AVTO LIZING” MCHJ bilan “Avans toʻlovi toʻgʻrisida” shartnoma imzoladim, — dedi Termiz tumanida istiqomat qiluvchi Toʻramurod Xolboyev. — Tashkilot bilan 120 ish kuni mobaynida “COBALT LT” rusumli avtotransport vositasini 60 oy muddatga yillik 20 foiz ustama toʻlash sharti bilan yetkazib berishga kelishdik. Shartnoma talabi asosida 2019-yil 4-iyunda jamiyatning hisob raqamiga 38 469 354,01 soʻm miqdorda pul tushirdim. Ammo muddati ancha oʻtib ketishiga qaramay, ulardan hech qanday yozma murojaat ham, avtotransport vositasini, hatto toʻlangan pulni ham ololmadim. Shu bois, mazkur masalada 2020-yil 24-yanvarda Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasiga, 2020-yil 5-fevralda Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligiga ariza bilan murojaat qildim. Agentlik “UMID AVTO LIZING” MCHJ bilan tuzilgan shartnomani oʻrgangach, huquqlarimni himoya qildi va toʻlangan mablagʻni toʻliq qaytarib olishimga amaliy yordam berdi.

— Ammo avtomobil ijaraga beruvchi barcha pullarni toʻplab, chet davlatga qochib ketish holatlarida fuqaroning huquqini taʼminlash hech qanday qonun asosida kafolatlanmagan, — davom etdi Lochinbek Isabekov. — Shu bois, bugungi kunda agentlik tomonidan keyinchalik sotib olish sharti bilan ijaraga berish faoliyati oʻrganib chiqilmoqda va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish borasida tegishli tashkilotlarga takliflar tayyorlanmoqda. Jumladan, Vazirlar Mahkamasiga bu masalada isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilishda qonunchilikka tegishli oʻzgartirishlar kiritish, xususan, pul mablagʻlarini Tovar-xomashyo birjasi kliring palatasi orqali oʻtkazish, shuningdek, Adliya vazirligiga ijaraga beruvchi va isteʼmolchi oʻrtasida tuziladigan shartnomaning namunaviy shaklini ishlab chiqish boʻyicha takliflar berildi. Mazkur chora-tadbirlarning amaliyotga tatbiq etilishi ijaraga beruvchilar bilan ijaraga oluvchilarning huquq va majburiyatlarini tenglashtirish bilan birga, isteʼmolchilar huquqlarining qonuniy kafolatlanishiga xizmat qiladi. Ammo bu jarayonda fuqarolarning ham qabul qilinayotgan qonun va meʼyoriy hujjatlarni oʻqib-oʻrganishi, uni hurmat qilishi va amalda undanfoydalana bilishi, xususan, avtomobil ijarasi boʻyicha tuziladigan shartnomalar jarayonida hujjatlarni imzolashdan oldin ularni oʻrganib chiqish, keltirilgan shartlar unga mos ekaniga ishonch hosil qilish, zarur boʻlsa, huquqshunoslar bilan maslahatlashish kabi oddiy holatlarga eʼtiborli boʻlishi maqsadga muvofiq. Har bir fuqaro oʻz huquqlarini anglab yetsalargina, oʻzaro tuziladigan shartnomalar har ikki tomon manfaatlariga xizmat qiladi.

Iroda Toshmatova,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech