05 Dekabr 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent -3,8 °C

Fikr
27 Aprel  2020 1349

Sinov

Bu kunlar sinov davri.

Koronavirus tahlikasi elning boshiga kutilmagan tashvish olib keldi.

Bu xavf-xatarga qarshi kurashning Vatanimizda yuz berayotgan ulkan oʻzgarishlar jarayoniga xos shiddat bilan amalga oshirilishi esa meni, rosti, juda hayratga soldi.

Avval pandemiyaning feʼlu atvoridan kelib chiqib, uning yoʻliga ikkilanmasdan toʻsiqlar qoʻyila boshlandi. Mana shu yoʻldagi azmu qarorlarning aniqlik bilan oʻz paytida qabul qilinishi va hayotga qatʼiylik bilan joriy etilishi esa el-yurtimizning egasi borligi — xalq bu ofat bilan yakka-yolgʻiz qolmasligini bir necha kundayoq barchaga ayon etdi. Gʻayrat bilan toʻlib-toshgan tashkilotchilik, bu tashkilotchilik magʻzidagi ishning koʻzini bilib qilinayotgan saʼy-harakatlar faqat va faqat odamlarning sogʻ-salomatligi, eson-omonligi yoʻlidagi jonbozlik ekanini odamlar angladi.

Idoralar, ishxonalar, bogʻchalar, maktablar, oliy oʻquv yurtlari yopildi. Koʻchalar, mahallalar, qishloqlar nazoratga olindi. Fuqarolar koʻcha-koʻyda niqob taqib yurishni odat qilishlari lozimligi uqtirildi. Xorijdagi fuqarolarimiz ham esdan chiqmadi. Ular peshma-pesh samolyotlarda, poyezdlarda olib kelinib, muayyan muddatga karantinga olindi. Bu tadbirlar balo-qazo tarqalib ulgurgan mamlakatlardan keladigan vatandoshlarimiz sogʻligʻi uchun, ularning oilasi, yaqinlari, qolaversa, Vatandagi qorakoʻzlar eson-omonligi uchun amalga oshirildi. Karatindagilarga izzatu hurmat koʻrsatildi. Ular doimiy tibbiy nazoratda. Yeb-ichishlari, yotib-turishlari uchun qulay sharoitlar yaratilgan. Mamlakatimizdagi eng yaxshi dam olish maskanlari ularning ixtiyoriga berildi. Misli koʻrilmagan tezkorlik bilan ulkan karantin hududlari barpo etildi. Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya xodimlari safarbar etildi. Biz baʼzan kinoya bilan tilga oladigan tibbiyot xodimlari esa jonbozlik namunasini koʻrsatib, bemorlarning dardiga malham boʻla boshladi. Zudlik bilan yangi tibbiyot uskunlari, kasallikni aniqlovchi test tizimlari sotib olindi. Zarurat yuzasidan uyda oʻtirgan talabalar, oʻquvchilar uchun onlayn darslar oʻtilishi yoʻlga qoʻyildi. Kamxarj oilalarga uzluksiz yordam berish markazlari ishga tushdi. Mahallalarda koʻchma bozorlar tashkil etildi...

Sanoqli kunlarda amalga oshirilgan bu mahobatli ishlarning koʻlami hayratu lol qolgulikdir. Eng muhimi, bu ishlar Oʻzbekistonning aziz fuqarolari koronavirus degan ofatning koʻrinmas changalidan aziyat chekmasin, deb amalga oshirilayotganini odamlar his qildi.

Ular Vatanlari borligini, bu Vatan ularni ofat bilan yolgʻiz qoldirmasligini, gʻamxoʻrligini, mehru muhabbatini, muruvvatu saxovatini angladilar. Biz gohida boʻlar-boʻlmasga (baʼzan mayda manfaatlarimiz uchun) tilga oladigan Vatan soʻzi endi oʻzgacha maʼno kasb etdi. Odamlarning koʻz oldida Vatan ulugʻvor qiyofada namoyon boʻldi...

Yana bir muhim jihat. Yangi Oʻzbekistonni yaratish yoʻlidagi saʼy-harakatlar — islohotlar ham aslida odamlar uchun ekanini fahmli kishilar yana bir bor dildan oʻtkazdilar. Vatani borligini his etish eng ulugʻ tuygʻudir. Aslida mustaqillikni orzu etgan, uning amalda yoʻqchilikdan rivojlanish sari barpo boʻlayotganini koʻrib turgan yoshi ulugʻ vatanparvar avlod vakillari Oʻzbekiston degan yurtning qiyofasini shu tarzda tasavvur etganlar. Buyuk jadid bobolarimiz — Mahmudxoʻja Behbudiy, Fitrat, Choʻlpon, Abdulla Qodiriy kabi millatning ozodligi yoʻlida jonini fido etganlarning orzusidagi Vatan ham xuddi shunday qiyofada boʻlardi, deb oʻylayman. Aniq. Xuddi shunday boʻladi. Chunki tarixdan ozmi-koʻpmi xabari bor muallifingiz bu maqolani yozish jarayonida oʻylab koʻrib, taqqos uchun biror-bir misol topolmadi.

Vatanning bunday qiyofasi oʻz-oʻzidan barpo boʻlgani yoʻq. U yuksak ruhli odamlarning matonati tufayli dunyoga keldi va kelyapti.

Xalqni qadrlash haqidagi gap-soʻzlar har bir odamning qadru qiymatiga yetilganidagina moddiy koʻrinish oladi. Shu kunlarda bu tarzda odamlar qadriga yetish har qadamda uchrab turibdi.

Misollar keltiraman. Mening Alisher Mirzo degan qadrdon doʻstim, tengdoshim bor. Nihoyatda isteʼdodli rassom. Oʻz kasbida — tasviriy sanʼatda nihoyatda katta ishlarni amalga oshirgan. Oʻzbekistonda ham, xorijda ham dovruq taratgan. Ana shu odam keyingi paytda kitoblar yoza boshladi. Kitoblarini oʻqib shunday doʻstim borligidan faxrlanib yuribman. Shu kunlar u kechayu kunduzbosh koʻtarmay ishlayapti. Kitob ustiga kitob bityapti. Yetmishdan oshib qolgan ijodkorning bu mehnati, albatta, mardonavor ruhning mahsuli.

Ana shu doʻstim bilan yaqinda telefonlashib qoldik. U menga qiziq bir voqea aytib berdi.

Xullas, Alisherga bir dori kerak boʻlib qolibdi. Uyi atrofidagi dorixonalardan surishtirsa, topilmabdi. Uzoqroqqa boray desa, karantin. Televizordan karantin munosabati bilan keksalarga beminnat xizmat koʻrsatilayotganini eshitgan rassomimiz ularga qoʻngʻiroq qilibdi. Qarabsizki, bir kun oʻtmasdan oʻsha dorini keltirib berishibdi. Qalay?

Alisher xursand. Men ham beminnat xizmat qilayotganlarni rosa alqadim. Shunday ogʻir kunlarda har bir insonning ogʻirini yengil qilayotganlarning oti nima boʻladi? Oti oʻsha, yuqorida aytganim, Vatan! Shunday Vatanda yashayotganimizdan faxrlandim.

Yana bir misol. Server Jeparov degan futbolchi bor. Oʻzbek futboliga mehnati singgan inson. Terma jamoamizning sardori boʻlgan. Ikki marta Osiyoning eng yaxshi futbolchisi deb tan olingan. Mashhuri olam! Shu odam ota yurti Tataristondan Toshkentga samolyotda oʻgʻli bilan uchib keladi. Toshkentda esa karantin. Ularni yangi qurilgan karantin mintaqasiga eltib joylashtirishadi.

Yaqinda Serverning karantin muddati tugab, uyiga qaytdi. Umr boʻyi qattiq mehnatga oʻrgangan (professinal sport ogʻir, zahmatli ish) yigit internetda minnatdorlik bilan toʻlib-toshgan xatini eʼlon qildi.

Uning aytishicha, karantindagi toʻrt kishilik xonada yashash uchun oliy darajada sharoit yaratilgan ekan. Konditsioner, muzlatkich, televizor, telefon, choy qaynatadigan moslamalar, choynak-piyolalar... U karantindagilarga berilayotgan taomlarni birma-bir sanaganda esa, oʻ-hoʻ, kurort-ku, deb yubordim. Hech narsa unutilmagan, ehtimol, badavlat odamlarning dasturxoni ham bu qadar boʻlmas. Yana bu mehmonnavozlikning barchasi — bepul! Oʻsha Vatanga aylanib borayotgan davlat hisobidan! Tibbiyot xodimlarining beminnat xizmatlarini ham sportchi qayta-qayta eslagan va minnatdorlik bildirgan!

Bu hol bizning mamlakatda oʻz fuqarolariga befarq boʻlmagan yuksak ruhli jonkuyarlik borligidan dalolat beradi.

Endi ijodkorlarga koʻchsak. Ular nima qilyapti?

Haqiqiy ijodkorlik tartibni, vaqtni tejab sarflashni va fidokorlikni xush koʻradi. U yolgʻiz qolingandagina gullab-yashnaydi. Bu yolgʻizlikning mevasi sifatida mardonavor ruh va yurakni oʻstiradigan, odamni odam qiladigan tuygʻularga yoʻgʻrilgan yangi-yangi asarlar dunyoga keladi va ular xalqning maʼnaviy boyligiga aylanadi.

Karantin, oʻzi bilib-bilmay, ijodkorga shunday sharoit yaratib berdi.

Pushkinning hayotidan bir lavhani eslang. Rossiyada mana shunday bir epidemiya balosi avj olganda, karantin eʼlon qilinadi. Shoir Boldino degan qishloqda qamalib qoladi. Buning natijasida rus adabiyotining gultoji hisoblangan sheʼrlar va dostonlar yaratildi.

Haqiqiy ijodkorlar — Vatani borligini hamisha his etadigan insonlar. Men Vatanining dardi bilan yonmagan biror-bir katta adibni koʻrganim yoʻq. Bu oʻrtanishda esa juda ulkan haqiqatlar yotadi. U soxtalikni, yolgʻonni, xushomadni, hasadni... — shaytonning avrashida odamlar ruhiga singishga harakat qiladigan turfa illatlarni tamoman rad etadi. Natijada bu rad etish jarayonidagi talotoʻmlar uning ijodiga koʻchadi. Bu oson ish emas. Haqiqiy isteʼdodli — hamisha bir qadam oldinda yuradigan inson. U oʻzining kuchli ruhi va matonati bilan mana shu bir qadam yoʻlni yaratadi. Shu oʻrinda Abdulla Qodiriyning “Oʻtkan kunlar” va Abdulhamid Choʻlponning “Kecha va kunduz” romanini eslashning oʻzi kifoya. Kechagina safimizdan ketgan va bugun ijod qilayotgan adiblarimiz ijodida ham mana shu bir qadamni hayiqmasdan qoʻyganlar talaygina. Bu bir qadam esa Vatan ravnaqini koʻrish yoʻlida qoʻyilgan matonatli qadamlardir. Ha, bu bir qadamning yana bir omili bor: ezgulikka tashnalik.

Bugungi Oʻzbekistondagi xalqqa boʻlayotgan gʻamxoʻrlik esa ana shu ezgulikning yuksak namunasidir. Oʻzini tanigan ijodkorlar bu ezgulikni yaratgan va yaratayotgan rahbariyatning saʼy-harakatini hech qachon unutmaydi. Chunki ezgulikka intilishning shu nuqtasida hukumat va ijodkorlarning xalqqa, Vatanga boʻlgan mehru muhabbati mushtaraklik kasb etdi.

Bu uygʻunlik Oʻzbekistonda mudom bor boʻlishini chin dildan istab qolaman.

Koronavirus esa yengiladi. Albatta, yengiladi.

Usmon Azim,
Oʻzbekiston xalq shoiri.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech