23 Avgust 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +31,7 °C

Kеyingi avlod
27 Iyul  2019 782

Startapga bir milliard

TDTU talabalari 3D-printerlar va bionik protezlar ishlab chiqaruvchi startap (ingliz tilidan - «start-up» - «start oluvchi, boshlang‘ich» operatsiyalarni amalga oshiruvchi qisqa tarixga ega kompaniya yoki ishlab chiqarish)ni qanday yaratdilar.

Loyiha tarixi 2015-yildan boshlangan. O‘sha paytda ikkinchi kurs talabasi Alibek Jumaniyozov universitet qoshidagi yosh ixtirochilar maktabida tahsil olardi. U yerda to‘rt kishidan iborat g‘ayrat-shijoatli, ilmga chanqoq jamoani shakllantirdi va qiziqarli – 3D-printerlarini ishlab chiqarish loyihasini taklif etdi.

Ushbu g‘oya Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti Amerikadan «MakerBot» 3D-printerini xarid qilganidan so‘ng bo‘ldi. Printer juda qimmat - 4000 dollar turardi. O‘shanda bolalar o‘zlariga shunday savolni berishdi: nima uchun 3D-printerni bir necha marta arzonroq narxda o‘zimiz ishlab chiqara olmaymiz?!

Birinchi namunani ishlab chiqishga bir yarim yil vaqt ketdi. Uni qo‘llarida bor narsalarni bittama-bitta to‘plab yasadilar. Shunday qilib, jasurona g‘oya aqlli va g‘ayratli bolalarni atrofiga to‘plangan ulkan mavzuga aylandi. Endilikda u to‘rt do‘st tomonidan ta'sis etilgan muvaffaqiyatli «InnoGroup» kompaniyasidir.

Jamoa a’zolari: loyihachi - Boburbek Ne’matov, marketolog - Behzod To‘xtamurodov, printing bo‘limi mudiri - Javohir Toshpo‘latov va mexanik Alibek Jumaniyozovlardir. Hammasi bitta universitet talabalari.

3D-printer qanday ishlaydi?

Printer Delta-konstruksiyadan iborat bo‘lib, ichi bo‘sh devorlarga ega uchburchak qutiga o‘xshaydi. Hajmli mahsulotlarni ishlab chiqarish printerga 3D-formatida kerakli parametrlarni belgilab kiritadigan kompyuter dasturidan boshlanadi. Plastik sim shaklidagi xomashyo quvur orqali 260° darajagacha qizdirilgan bosma kallakka yo‘naltiriladi, eritilgan massa kichik teshikdan siqib chiqariladi. Shunday qilib, istitilgan stol yuzasiga «qaynoq krem»ning birinchi qatlami quyiladi. Stol tez soviydigan plastmassa bir zumda qotib, qatlamlashib ketmasligi va koordinatalarning buzilishiga olib kelmasligi uchun isitiladi. Aytib bo‘ladimi, to‘g‘ri va tik maxsus o‘zak o‘rniga xuddi Og‘ma minora kabi qiyshaygan mahsulot chiqib qolishi hyech gap emas.

Chop etish kallagi richag tizimi tomonidan boshqariladi – bu xuddi qo‘g‘irchoqboz iplar yordamida uni harakatga keltirgani kabi. Shunday qilib, printer minglab juda nozik qatlamlarni bir-biri ustiga yotqizib, osmono‘par bino maketidan tortib, soatlarning mitti tishli g‘ildiragigacha yarata oladi.

Ammo «InnoGroup» jamoasi bu bilan to‘xtab qolgani yo‘q. Ular bionik qo‘l protezlarni ishlab chiqarishda eng yangi texnologiyalarni qo‘llashga qaror qilishdi. Birinchi namunani «Startap-tashabbuslar-2018» tanlovida namoyish etishdi va uchinchi o‘rinni egallab, 40 million so‘mlik sovringa ega bo‘lishdi.

Bionik protez - bu inson mushaklariga ulangan datchiklar yordamida boshqariladigan robotlashtirilgan mexanizmdir. Impuls mikrokompyuter tomonidan qayta ishlanadi va yuritgichlarni ishga tushiradi. Shunday qilib, nogironligi bo‘lgan kishi oddiy harakatlarni mustaqil bajara oladi. Masalan,  bir stakan suvni olish. Protez smartfon kabi tarmoqdan quvvatlanadi.

Yosh ixtirochilarning ishini universitet qo‘llab-quvvatladi va O‘zbekiston-Yaponiya yoshlar innovatsiya markazi orqali ularga ofis uchun bepul joy ajratdi.

Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida oliy o‘quv yurtlari va ilmiy-tadqiqot muassasalari rahbarlari, akademiklar, olimlar va yosh tadqiqotchilar bilan uchrashuv chog‘ida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ishlanmaga qiziqib qoldi. Yakuniy natija esa - davlat ushbu loyiha uchun bir milliard so‘m mablag‘ ajratdi.

Bundan ilhomlangan yosh iste'dodlar endi o‘z ixtirosini takomillashtirish haqida, shuningdek, o‘rta maktablarda texnikaga qiziqishi kuchli yuqori sinf o‘quvchilarini ham bunday texnologiyalar bilan tanishtirish foydali bo‘lishi to‘g‘risida bosh qotirishmoqda. 

Konstantin Bashlayev.
«Pravda Vostoka».

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech