18 Iyun 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +33,2 °C

Ijtimoiy hayot
2 May  2019 5173

Sizni kutishadigan va yordam berishadigan joy bor...

O‘sha kunni Dilnoza (ism o‘zgartirildi) xuddi kechagiday eslaydi. Barchasi oilada kasal farzandning tug‘ilib, ota-ona yelkasiga tushgan mas’uliyatni tushunib yetmagan eri bilan aytishib qolishdan boshlandi. Turmush o‘rtog‘i chaqaloqning bobosi, ya’ni otasi tarafda turib jarrohlik amaliyotiga qarshi bo‘ldi, lekin faqat operatsiyagina go‘dakning kasal yuragini qutqarishi mumkin edi. Yoshlar o‘zaro bir-birini ayblashlar, kesatiqlarning qanday qilib katta janjalga aylanib ketganini sezmay qolishdi.

Xullas, bunga chidolmagan kelin bolalarini olib ketib qoldi. Ota uyida esa uni faqat onasi kutardi.

Ikki ayol ham ishlamasdi. Dilnozaga esa nafaqat bolalarini yedirib-ichirish va kiyintirish, balki kasal farzandining davolanishi uchun pul zarur edi. Eri ularnikiga kelmas, moliyaviy tomondan ko‘maklashmasdi. Biroq yosh ona bolasini davolatish va me’yoridagi hayotga qaytarish uchun qo‘lidan kelgan barcha ishni qildi. Bu vaqtga kelib erining vijdoni uyg‘ondi, lekin oilasini qaytarmoqchi bo‘lganda rad javobini oldi.

Dilnozaning qalbida eng og‘ir damlarda yonida turmagan erkakka nisbatan juda ulkan alamzadalik bor edi. Bunday ishlarni kechirish oson bo‘ptimi. Oila ajrashib ketish arafasiga keldi. Ammo bunga jamoatchilik aralashdi. Uzoq suhbatlashishlar natijasida yosh ayolni bir amallab ko‘ndirishdi va u yana oilasiga qaytishga, hayotini toza sahifadan boshlashga rozi bo‘ldi.

Dilnozaning oilasi – 248 ta (2019-yilning birinchi choragi bo‘yicha) yarashtirib qo‘yilgan yosh oilalarning bittasi, xolos. Bunda esa oilaviy munosabatlarni mustahkamlash va ajirim jarayonlari sonini kamaytirishni maqsad qilgan Oliy sud va O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi o‘rtasidagi imzolangan hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum qo‘l keldi.

– Ajrashishlarning yarmidan ko‘pi, ya’ni 55,1 foizi – muntazam ravishda kelib chiqadigan mojarolardan yuzaga keladi, – deydi «Oila» ilmiy-amaliy tadqiqot markazi Navoiy viloyati boshqarmasi boshlig‘i Mahfuza Hamrayeva. – Shuningdek, bunda uchinchi shaxslar – qaynona va qaynotalarning aralashuvi bilan sodir bo‘lgan ajrashishlar ham katta ko‘rsatkichga ega – 16,7 foiz. Ajrashgan juftlarning 9,8 foizi turmush o‘rtog‘idan biri spirtli ichimliklar yoki giyohvandlikka ruju qo‘ygani sababli birga yashashmagan, taxminan olti foizi farzand bo‘lmagani uchun, to‘rt foizidan ko‘prog‘i – xiyonat tufayli ajrashgan. Taxminan ikki foiz juftlik moliyaviy qiyinchiliklarga bardosh bera olmagan.

Zamonaviy oila muammolarini o‘rganuvchi tadqiqotchilar ajralishlar sonining ko‘payishini jamiyat bo‘g‘inida pedagogik salohiyatining pasayishi, oilaviy qadriyatlarning yo‘qolib borishi bilan bog‘laydilar. «Oila» markazining tuman va shahar bo‘limlari ma’lumotiga ko‘ra, joriy yilning birinchi choragida Navoiy viloyatida 278 ta notinch oila aniqlangan. Ulardan uchdan bir qismiga yaqini alkogolizm va giyohvandlik bilan bog‘liq muammolardan aziyat chekadi, moddiy qiyinchiliklarga duch kelganlari ham uchraydi, ba’zilari doimiy yashash joyiga ega emas. Past ijtimoiy maqomga ega oilalarning katta qismi doimiy mojarolar muhitida yashashga majbur. Ularning atrofdagilardan shaxsiy ko‘ngilsiz sirlarini bekitishga to‘g‘ri keladigan turmushi nobarqaror va kelajakda nimalar kutayotganini oldindan aytib bo‘lmasligi bilan ajralib turadi.

Bunday oilalarning qoidalarida, ayniqsa, ayollar va bolalar uchun o‘z ehtiyojlari va his-tuyg‘ularini erkin ifoda etishni taqiqlash muhim o‘rin tutadi. Ehtimol, shuning uchun ham vatandosh ayollarimizning jamiyatdagi, oiladagi pozitsiyasini tubdan o‘zgartirishni nazarda tutuvchi ijtimoiy-iqtisodiy siyosatda ayollarni reabilitatsiya qilish muammosi markaziy o‘rinlardan birini egallar.

O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri o‘rinbosari, Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Tanzila Norboyeva Facebookdagi birinchi sahifada o‘z pozitsiyasini shunday bildiradi: «Zo‘ravonlik haqida mamlakatimizda uzoq vaqt jimlik saqlab kelindi, biroq bu haqda ochiq gapirishning payti keldi. Mamlakatimiz ayollari sodir bo‘layotgan vaziyatlar haqida, hatto, yaqin qarindoshlariga ham aytishga qo‘rqadi, uyaladi. Buni o‘zgartirish lozim». Bu respublika bo‘ylab zo‘rlikdan aziyat chekkan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazlarini tashkil etish va Xotin-qizlar qo‘mitasining hududiy bo‘limlari qoshida o‘z joniga qasd qilishning oldini olish muammosini hal etish bo‘yicha kompleks yondashuv doirasida uy terroriga qarshi faol kurashning boshlanishi bo‘ldi. Og‘ir turmush sharoitiga tushib qolgan vatandosh ayollarimizga maxsus joylarda anonimlik asosida ijtimoiy, psixologik, huquqiy, tibbiy va boshqa yordam ko‘rsatilmoqda. Bu joyga ko‘pchilik ilojsizlikdan murojaat qiladi. Mana, bir hayotiy misol. O‘rta yoshlardagi ayol uzoq yillar davomida badjahl va zo‘rovon eridan aziyat chekkan. Turmush o‘rtog‘iga mehr va o‘zaro bir-birini tushunish zarur bo‘lgan paytda zo‘rovonning maqsadi uyda kim xo‘jayinligini ko‘rsatib qo‘yish va butun oilani nazoratda ushlash bo‘lgan. Ikki farzand ulag‘ayayotgan oilada erkak kishini o‘zini bunday tutishi qo‘rquv va hadik uyg‘otardi. To maxsus joyga murojaat qilguncha «Butun umrim shunday azobda o‘tarkan-da, birovning men bilan sariq chaqalik ishi yo‘q», deya ko‘p o‘ylardi zo‘rovonlik qurboni. Markaz xodimlari qattiq chiranishlar yordamida ayolni boshqa shaharga ko‘chirib, mutaxassisligi bo‘yicha ishga joylashishiga, asosiysi, so‘nggi paytlarda tushib qolgan ruhiy tushkunlikdan chiqishiga yordam berishdi.

– Nima qilishni bilmay, tuzoqqa tushib qolgan ayolda o‘z joniga qasd qilish fikri paydo bo‘layotganini aniqlagan markaz psixologi unga haqoratli va zo‘ravonlik munosabatlaridan qutulishga yordam berdi, – deydi Navoiy viloyati Xotin-qizlar qo‘mitasi viloyat bo‘limi huzuridagi Zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish hamda o‘z joniga qasd qilishning oldini olish markazi ijrochi direktori Ra’no Sherbo‘tayeva. – Bizga murojaat qilgach, ayol nafaqat yordam qo‘lini his etdi, balki uni qabul ham qildi. Eri bilan bo‘lgan munosabatlardagi inqirozli vaziyatning sabablari va xarakterini to‘g‘ri baholab, o‘z hayoti va istiqboli haqida har tomonlama o‘ylab ko‘rgach, yuzaga kelgan holatda chiqishning maqbul yo‘lini tanladi. Bunda muammo shundaki, oiladagi zo‘ravonlik odatda me’yor va ichki shaxsiy masala va unga hech kim aralashishga haqli emas, deya qabul qilinadi. Va ko‘pincha bu shafqatsizlik deyilmaydi va bunday deb tan ham olinmaydi. Shuning uchun, jamiyatda hukm surayotgan ayolning «o‘ziga yaxshi bo‘ladi», degan xurofiy tushunchalar va urf-odatlar, nazorat qilish shakli sifatida uydagi o‘zboshimchaliklar oqlanmasligi lozim.

Joriy yilning birinchi choragida Xotin-qizlar qo‘mitalari huzurida zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan ayollarni reabilitatsiya qilish Markazlari (shelter) faoliyati yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan brifingda ta’kidlab o‘tilganidek, 89 nafar xotin-qiz viloyat markazlariga murojaat qilgan. Shundan 12 tasiga tibbiy, 22 tasiga psixologik, 24 tasiga yuridik yordam ko‘rsatildi. Bundan tashqari, 11 nafar ayol ish bilan ta’minlandi, to‘qqiz kishiga tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun kredit olishda yordam berildi, 33 ta oila yarashtirildi. Ruhiyati o‘zgargan ikki ayolni davolashda moddiy yordam ko‘rsatildi, bir ayolga endoprotez bilan ta’minlash uchun viloyat hokimligi 28 million so‘m pul ajratdi, viloyatning yana bir fuqarosi poytaxtda jarrohlik operatsiyasi o‘tkazish uchun homiylik yordamini oldi.

Mamlakatimizda Probatsiya xizmatining joriy etilishi xotin-qizlar o‘rtasida takroriy jinoyatchilikning oldini olish masalasida ilgarilash imkonini berdi. Jazosi ozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmagan mahkumlarning moslashuv modeli jamiyatdan ajralmagan holda ishlamoqda, ularning ijtimoiy moslashuviga yordam berilmoqda. Bu ayolllar masalasida, ayniqsa, dolzarb. Ayni paytda Navoiy shahar ichki ishlar organlari probatsiya guruhida 42 nafar xotin-qiz jazoni o‘tamoqda. O‘n nafar ayol axloq tuzatish ishlariga jalb qilingan, 28 tasiga - erkinlikni cheklash, yana to‘rttasiga jazoni shartli ravishda o‘tash tayinlangan. Ayollar bilan shaxsiy suhbatlarida ular tilga olgan masalalarni umumlashtirgan mutaxassislar uy-joy etishmasligi, mutaxassislik bo‘yicha ishga joylashish, kam haq to‘lanadigan ish, ta’limni davom ettirish, hujjatlarni tiklash kabi muammolar borligini aniqlashdi. Ularning ko‘pchiligi biznesda o‘zlarini sinab ko‘rishni istaydi, ammo boshlang‘ich kapitalga muhtoj. O‘z biznesiga ega bo‘lganlari ham bor. Masalan, Durdona Sanayeva Navoiy mahallasida tikuv sexini ochdi va 60 ta ish o‘rni yaratdi. Ishlab chiqarishni yanada kengaytirishni rejalashtirmoqda.

Viloyat Probatsiya xizmati vakillarining ishonch bilan aytishlaricha, muammolarni hal etishda, tegishli tashkilotlar va jamoat birlashmalari, eng avvalo, Xotin-qizlar qo‘mitasining hududiy bo‘linmalari manfaatdor. Ularni o‘z vaqtida aniqlash va bartaraf etish orqali huquqbuzarliklarning oldini olish mumkin.

Dilfuza G‘ulomova.

«Pravda Vostoka».

Navoiy viloyati.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech