30 Mart 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +15,3 °C

Mamlakatimizda
25 Yanvar  2020 5222

Keng ko‘lamli o‘zgarishlar traektoriyasi

Mashhur olim Albert Eynshteyn hayotni velosiped haydashga qiyoslagan - muvozanatni saqlash uchun harakatda bo‘lish kerak. O‘zgarishlar dinamikasi muqarrar, buni bir kishiga ham, mamlakat taraqqiyotiga ham bog‘lash mumkin. Prezidentimizning O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga yo‘llagan Murojaatnomasida nafaqat mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy hayotida transformatsiya masalalari, balki rivojlanishning yangi bosqichi jihatlari ham qamrab olingan. Shunday qilib, 2017-yildan boshlab yilning ushbu formatda e’lon qilinishi an’anaga aylandi. Voqealar xronikasiga nazar tashlasak, yil nomi dastlab Konstitutsiya kuni munosabati bilan qilingan ma’ruzada e’lon qilinganini eslash mumkin. So‘ng kelgusida Murojaatnomaning taqdim etilishi va tuzilishi o‘zgardi, ammo bunda dastlab Harakatlar strategiyasida belgilangan maqsadlar o‘zgarishsiz qoldi.

Timur Kaysarov surati.

2017-yil. Hammasi xalq uchun               

Hayotning barcha sohalaridagi o‘zgarishlarga qator omillar sabab bo‘lmoqda. Ularning borishi ham tez, ham bosqichma-bosqich bo‘lib, muhim muammolarni hal etishga qaratilgan. Mamlakat aholisida yig‘ilib qolgan savollar xalq bilan muloqot qilish ishlarini tubdan qayta ko‘rib chiqishga asos bo‘ldi. Virtual va Xalq qabulxonalari bunga aylanib ulgurgan o‘rtadagi bog‘lovchi bo‘g‘inning zarurligini keyingi bir necha yil tasdiqladi. Aholi transport, ijtimoiy, kommunal va boshqa sohalardagi mahalliy muammolarga hamda tizimdagi kamchiliklarga e’tibor qaratdi.

Har qanday muloqotda nafaqat tinglash, balki eshitish ham, bu alohida holatda esa belgilangan vaziyatlarni nazoratda ushlab turish va ularning yechimini kuzatib borish muhim ahamiyatga ega. Xalq bilan muloqotni mustahkamlash vazifasi unda inson asosiy o‘ringa qo‘yilgan 2017-yilgi davlat dasturi nomi asosini ham tashkil etdi. Aynan, xalq hokimiyati tamoyili O‘zbekistonning demokratik va progressiv rivojlanish darajasini belgilab beradi. 2017-yilgi Murojaatnomasida Prezident istiqbolda ijtimoiy faollikka ta’sir ko‘rsatuvchi va ertangi kunga ishonch uyg‘otuvchi ustuvorliklarni ham belgilab berdi.

O‘zbekiston tarixida 2017-yil xalq bilan bevosita muloqotning yangi tizimini yaratish, ularning hayotiy muammolarini samarali hal etish yili bo‘ldi, deya ta'kidladi mamlakat rahbari. O‘zgarishlar sud-huquq, prokuratura va ichki ishlar organlari tizimiga ham ta’sir ko‘rsatdi. Qisqa vaqt ichida mamlakat iqtisodiyotida 161 ta yirik sanoat ob’ekti ishga tushirildi, 12 ta erkin iqtisodiy zona va 45 ta sanoat zonasi ishga tushirildi va 330 mingdan ortiq ish o‘rinlari tashkil etildi. Uch ming kilometrdan ortiq ichki yo‘llar ta’mirlanib, rekonstruksiya qilindi. So‘mning erkin konvertatsiyasi, shuningdek, chet el valyutasini tijorat banklarida cheklovlarsiz sotish boshlandi.

Agar ijtimoiy sohaga nazar tashlasak, raqamlar har biri millionlab kishilar taqdiri bilan bog‘liqligidan so‘zlaydi. 2017-yilda O‘zbekiston fuqaroligiga ega bo‘lmagan mamlakatda istiqomat qiluvchi 1 ming 100 kishiga ushbu maqom berildi. Umumiy maydoni 800 ming kvadrat metrdan ortiq bo‘lgan ko‘p qavatli uylar xonadonlari kalitlari mamlakat bo‘ylab o‘zining baxtli egalariga, shu jumladan, ijtimoiy kam ta’minlanganlarga ham, topshirildi.

Shuningdek, 12 ta umumta’lim maktabi qurildi, 320 tasi rekonstruksiya qilindi, 152 ta ta’lim muassasasi kapital ta’mirlandi. Bundan tashqari, 107 ta bolalar bog‘chasi qurildi va rekonstruksiya qilindi, 195 tasi kapital ta'mirdan chiqarildi. 15 ta oliy o‘quv yurtida esa sirtqi bo‘limlar ochilib, unda kollejlarni bitirgan besh mingdan ortiq pedagog oliy ma’lumot ola boshladi. Yangi tashkil etilgan institutlar va oliy o‘quv yurtlarining filiallari tufayli oliy o‘quv yurtlarining soni 81 taga, viloyatlarda filiallar 15 taga, xorijiy oliy o‘quv yurtlarining filiallari 7 taga yetdi. 2017-yilda Olmaliqdagi Moskva po‘lat va qotishmalar institutining filiali va AQShning Toshkentdagi Vebster universiteti filialini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

O‘shanda Prezidentimiz Muhammad Al-Xorazmiy va Mirzo Ulug‘bek nomlari bilan atalgan aniq fanlarni chuqur o‘rganish bo‘yicha ixtisoslashtirilgan maktablarning ochilishi haqida so‘z yuritgandi. Bugun ushbu muassasalarda mashg‘ulotlar olib borilmoqda. Madaniyat sohasida O‘zbekiston ijodkorlarini qo‘llab-quvvatlash «Ilhom» jamoat fondi, shuningdek, madaniyat va san'at muassasalari, yirik kompaniya va banklar bilan birgalikda «Do‘stlar klublari» tashkil etildi. Atoqli yozuvchi va shoirlarimiz nomlari bitilgan adiblar xiyoboni va ijodiy maktablar yaratildi. Shuningdek, Qo‘qon shahri, Xorazm va Jizzax viloyat drama teatrlari rekonstruksiya qilinib, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining Farg‘ona viloyat filiali tashkil etildi.

O‘zgarishlar keyingi davrda yanada rivojlanish uchun asos bo‘ldi. Davlat va jamiyat qurilishi tizimlari zimmasiga iqtisodiyot tarmoqlariga ma’muriy ta’sirni kamaytirish va bozor mexanizmlaridan keng foydalanish, davlat xizmatlari doirasini kengaytirish, korrupsiyaga qarshi kurashni kuchaytirish va parlament rolini mustahkamlash maqsadlari qo‘yildi.

Bundan tashqari, Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida uchinchi sektorni, ommaviy axborot vositalarini faollashtirishga ham e’tibor qaratildi. 2018-yilda tadbirkorlikni rivojlantirishga to‘g‘anoq bo‘layotgan to‘siqlarni, jumladan, tekshirishlarni ham, olib tashlash topshirildi. Mamlakatimiz va boshqa ko‘plab sohalarga kattagina daromad keltiruvchi turistik salohiyatni ochib berish, yangicha yondashuv va ish usullari, erkin raqobat, investitsiyalarni jalb etish zarurligi qayd etildi.

2018-yil. Innovatsion tezlashuv

Oradan bir yil o‘tib, Prezident Oliy Majlisga qilgan Murojaatnomasida aholining real daromadlari 2017-yilga nisbatan 12 foizga oshganini ma'lum qildi. Davlatimiz rahbari buyuk alloma Najmiddin Kubro hazratlarining: «Muvaffaqiyatni – sa'y-harakatda, muvaffaqiyatsizlikni esa – loqaydlik va dangasalikda ko‘rdim», degan so‘zlarini keltirdi.

Shuning uchun, 2018-yildagi Murojaatnomada 2019-yilda ishlarni yaxshilashga e’tibor qaratilgani tabiiydir. Shu bilan birga o‘tayotgan yil bo‘yicha umumiy statistika Asosiy qonunimiz qabul qilingan kundagi ma’ruzaga kiritildi. Shunday qilib, ikkinchi Murojaatnoma butunlay yangicha tarzda yangradi. Raqam va faktlar bilan bir qatorda barcha sohalarda ishlarni mustahkamlash zarurligi aytib o‘tildi. Bunday konsentratsiya, so‘zsiz, birinchi navbatda, sur’atni sekinlashtirmaslik uchun kerak. Turli darajadagi erishilgan bosqichlar ijobiy deb baholandi, lekin ayni paytda matnda «hali juda ko‘p ishlarni qilishimiz kerak», degan aniq fikr yangradi.

Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yilida bir qator dasturlarni amalga oshirishda davlat byudjeti mablag‘laridan foydalanildi. Ular orasida - qariyb ikki trillion so‘m mablag‘ sarflangan «Har bir oila - tadbirkor», «Yoshlar – kelajagimiz» kabi sohalarda joylarda 2605 biznes loyiha amalga oshirildi.  «Obod qishloq» va «Obod mahalla»ni amalga oshirish doirasida qurilish-obodonlashtirish ishlariga uch trillion so‘m mablag‘ ajratildi.

Prezidentimiz yoshlar mavzusiga yana qaytib, ta’lim sifatini, shuningdek, fuqarolar salomatligini yaxshilash va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash zarurligini ta'kidladi. Vazirlar Mahkamasiga 2030-yilgacha mamlakatni integratsiyalashgan ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqish topshirildi. Bundan tashqari, raqamli iqtisodiyotning Milliy konsepsiyasini ishlab chiqish, «Raqamli O‘zbekiston-2030» dasturini, shuningdek, bank sektorida AKTni joriy etish va valyuta bozorini erkinlashtirish vazifalari belgilandi.

2018-yildagi Murojaatnomada shuningdek, yangi Soliq konsepsiyasi, soliq yukini kamaytirish, iqtisodiyotning raqobatbardoshligini rivojlantirish va tadbirkorlar va investorlar uchun maksimal qulay shart-sharoitlar yaratish zarurligini e’lon qilindi. Shu bilan birga, iqtisodiyot boshqaruviga davlat aralashuvini kamaytirish, bir qator sub’ektlarni isloh qilish va qayta tashkil etish bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi.

2019-yil uchun aholi orasida ishsizlik darajasini kamaytirish, daromadni oshirish va pensiya islohoti vazifalari belgilandi. Shunday qilib, barcha ishlaydigan pensionerlar pensiyasini to‘liq oladigan bo‘ldi, ya’ni tajribali xodimlar turli sohalarning rivojlanishiga hissa qo‘shishda davom eta boshladilar.

  «O‘zbekistonda oliy va o‘rta maxsus ta’lim maskanlari bitiruvchilarini oliy ta’lim bilan qamrab olish o‘tgan davrda 9-10 foiz darajasida bo‘lib kelayotgan edi. So‘nggi ikki yilda ko‘rilgan chora-tadbirlar tufayli, biz bu raqamni 15 foizdan oshirishga erishdik. Lekin bu hali yetarli emas. Chunki dunyodagi rivojlangan davlatlar tajribasiga qaraydigan bo‘lsak, bu ko‘rsatkich ularda 60-70 foizni tashkil etadi. Shuning uchun 2019-yilda mamlakatimizda bitiruvchilarni oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasini 20 foizga yetkazish va kelgusi yillarda oshirib borish – muhim vazifamizdir», deya ta'kidladi Prezident 2018-yilda Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida.

Bundan tashqari, mamlakat rahbari saraton muammosiga to‘xtaldi, bu esa zudlik bilan tizimni tubdan takomillashtirishni talab qiladi. Bu zamonaviy uskunalar va salohiyatli kadrlar, degani.

2018-yilda 3,520 mahallada hech qanday jinoyat sodir etilmagani ham eslanadi. «Odamlar tinch yashashi uchun butun mamlakatimizda jinoyatdan xoli muhit yaratishimiz shart», dedi Prezidentimiz.

2019-yil. «Yil mamlakati» uchun investitsiya rejasi

2019-yilda e’lon qilingan Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yilida ko‘plab muhim o‘zgarishlar yuz berdi, ularning ba'zilari dastlab, 2018-yilgi Murojaatnomada e’lon qilingandi. Butun mamlakat qurilish maydoniga aylandi, deyish mumkin. Ilgari aksariyat hollarda qishloq joylarda namunaviy uylar qurilgan bo‘lsa, 2019-yilda ko‘pqavatli binolar qurilishiga e’tibor qaratildi. Mamlakat aholisi tajriba o‘tkazishdan cho‘chimaydigan, ekspertlarning fikrlarini tinglayotgan, u yoki bu sohada milliy va xalqaro tajribani uyg‘unlashtirayotgan O‘zbekistonda yangi tarix yaratilishiga guvoh bo‘lmoqdalar. Demokratik jarayonlar chet el OAV tomonidan ko‘p bor tilga olindi, bu yil ham O‘zbekiston haqidagi fikrlar e’tibordan chetda qolmadi. Mamlakatimiz haqida televidenie va radioda gapirildi, bosma jurnal va gazetalar sahifalarida, veb-saytlarda maxsus maqolalar e’lon qilindi. Shunday qilib, Britaniyaning «The Economist» nashri O‘zbekistonni yil mamlakati deb atab, qator sohalardagi rivojlanishlarga urg‘u berdi.

«Ochiqlik» va «oshkoralik» so‘zlaridan iborat 2019-yilda investorlar uchun alohida yondashuv bo‘ldi. Avvalgi Murojaatnomada Prezident TIV va xorijdagi vakolatxonalarga mamlakatga sarmoya jalb qilish maqsadida faoliyatini qayta ko‘rib chiqishni topshirgandi.

Shu bilan birga, davlat idoralari oldiga fuqarolar bilan bevosita ishlashni yo‘lga qo‘yish, yagona kadrlar siyosatini shakllantirish va davlat xizmatiga qabul qilishning oshkora mexanizmlarini yaratish vazifasi qo‘yildi. Bunga mos ravishda jinoyat va jinoyat-protsessual qonunchiligi qayta ko‘rib chiqildi.

Ekologik xavfsizlik mavzusi ham o‘zgarishlardan chetda qolmadi. Orolbo‘yida 500 ming gektar yashil o‘simliklar ekish bo‘yicha maxsus dastur ishlab chiqilayotgani ma’lum qilindi.

2019-yilda rivojlanish natijalari va 2020-yilda barcha sohalarni takomillashtirish istiqbollarini o‘z ichiga olgan Prezident Murojaatnomasi siyosiy maydondagi keng ko‘lamli o‘zgarishlar bilan kechdi. Shunday qilib, dekabr oyida Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari Kengashlariga saylovlar bo‘lib o‘tdi, ikkinchi tur yanvar oyi boshida e’lon qilindi. Keyin - Senatning shakllanishi, hukumat tarkibi, Bosh vazir nomzodini tasdiqlash bo‘lib o‘tdi. Parlament palatalarining birinchi sessiyalarida, jumladan, qo‘shma sessiyalarda ham, davlat rahbari soha vakillariga ham o‘rta, ham uzoq muddatli istiqboldagi ayrim vazifalarni e’lon qildi.

Shunday qilib, Prezidentimizning 2019-yil yakunlari va 2020-yildagi rivojlanish ustuvorliklari to‘g‘risidagi Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasi boshlangan islohotlarning mantiqiy davomi bo‘ldi. Biroq 2017 va 2018-yillardagi Murojaatnomalardan farqli o‘laroq, u butunlay yangi hujjat bo‘lishi uchun asos bor. Albatta, unda mamlakat taraqqiyotining davlat va jamiyat qurilishi, sud-huquq, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy-gumanitar sohalardagi asosiy yo‘nalishlari o‘z aksini topadi. Zero, 2020-yilgi Davlat dasturining ishlab chiqilishi va qabul qilinishida O‘zbekiston taraqqiyotining siyosiy va ijtimoiy «mayog‘i»ga aylangan Harakatlar strategiyasining asosiy jihatlarini hisobga olinadi.

Yulianna Moroz.
«Pravda Vostoka».

«Pravda Vostoka» gazetasining 24.01.2020-yildagi 18-sonida «Траектория масштабных преобразований» sarlavhasi bilan nashr etilgan.

 

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech