19 Iyun 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +18,5 °C

Biznes
31 May  2019 3188

Tadbirkorlikdan barqaror daromad

Uychi tumanidagi «Buyuk qo‘rg‘on Fayz» MChJ rahbari Yoqubjon Akbarovni hamma taniydi. Bo‘lmasam-chi, u 300 bosh tuyaqush xarid qilib, o‘z tadbirkorligini yo‘lga qo‘yganlardan, hozirda ekzotik qushlarning jo‘jalarini sotmoqda. To‘g‘ri, ishni boshlashdan oldin bozorni, mazkur qushlarning odatlarini, tarqalish maydoni, parvarishlash usullari va boshqalarni o‘rganishga to‘g‘ri keldi. Shunday qilib, uni viloyatda tuyaqushlarni parvarish qilish va ko‘paytirish bo‘yicha yagona mutaxassis, deb hisoblash ham mumkin.

– Qushlar Afrika va Turkiyadan olib keltirilgan. Bu aslida yaxshigina qimmat turadigan qush – bir boshi ikki-to‘rt million so‘mgacha. Biroq ularni nafaqat ekzotik jonivorlarni yaxshi ko‘radiganlar, balki jo‘ja olish va parvarishlash texnologiyalari haqida ko‘p so‘raydigan fermerlar ham sotib olishga qiziqib qolgan, – deydi MChJ boshqaruvchisi A’zamjon Akbarov. – Qushlar bizning iqlim sharoitimizga yaxshi moslashdi, jaziramaga chidamli, biroq xo‘rakka talabchan. Xulq-atvorini juda ideal deb bo‘lmaydi, albatta, kutilmaganda cho‘qib yoki tepib qolishi mumkin. Kelgusida tuyaqushlar sonini ko‘paytirishni reja qilganmiz.

Ammo «Asadullo bobo Fayz servis» oilaviy korxonasi jonivorlari bunday urushqoq emas. Qo‘shma korxona direktori Nafisa Rahmatullayeva GFR, Belarus va Gollandiyadan olib kelingan naslli quyonlar parvarishini yo‘l qo‘ydi. Bir bosh shalpangquloqning narxi 300 dan 500 ming so‘mgacha. Quyonlar tez tovar vazniga ega bo‘ladi, bozorda ham talab bor.

Xullas, Uychi tumanida Prezidentimizning 2018-yil 7-iyundagi «Har bir oila-tadbirkor» dasturini amalga oshirish to‘g‘risida»gi qarori to‘la quvvat bilan amalga oshirilmoqda. Shunday qilib, yaqinda mahalliy aholi vakilasi Shahnoza Xoliqovaning orzusi amalga oshib, uchta tikuv mashinasi va overlok sotib olish uchun bankdan 22 million so‘m kredit oldi, endi o‘z tadbirkorligini yo‘lga qo‘yishi mumkin. Nigora Valiyevaga ham tikuv mashinasi sotib olish uchun kredit ajratildi va u shu yo‘nalishda faoliyat boshlamoqchi bo‘lib turibdi.

– Uch nafar farzandim bor, ulardan birining jismoniy imkoniyatlari cheklangan. Davlat dasturi sharofati bilan endi oilaviy byudjetni to‘ldirish imkoni paydo bo‘ldi, – deydi N.Valiyeva.

O‘z tadbirklorligini boshlagan, turmush farovonligini oshirish va yurt ravnaqiga hissa qo‘sha boshlagan ko‘plab insonlarni misol keltirish mumkin. Hududiy ishchi guruh boshlig‘i Faxriddin Mamatvaliyevning aytishicha, har kuni tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishni istagan 300 ga yaqin kishi murojaat qilarkan. Bu yerda tajribali mutaxassislar, shuningdek, yetarli miqdorda imtiyozli kredit ko‘rinishida pul mablag‘lari ajratib berishga tayyor tijorat banklari vakillari faoliyat olib boradi.

– Fuqarolarimiz, asosan, istiqbolli tarmoqlar, jumladan, issiqxona ishlab chiqarishi, asalarichilik, quyonchilik, broyler parrandachilik, meva yetishtirish bilan qiziqmoqda, – deydi F. Mamatvaliyev. – Umumiy ovqatlanish sohasida ishlashni istaganlar, kafelar tashkil qilish uchun pechlar xarid qilish, muzqaymoq tayyorlashga frezalar sotib olishni istaganlar ham ko‘p. Ularga ko‘maklashishga, har bir fuqaroni tinglashga va yordam berishga harakat qilyapmiz. Ana shunday maqsadlar uchun 94,2 mlrd. so‘mlik bank kreditlari ajratilgan.

– Yil boshidan buyon O‘zbekiston savdo-sanoat palatasining Namangan viloyati hududiy boshqarmasi tadbirkorlikka ko‘maklashish markazi tomonidan 37 ta biznes-loyiha tayyorlandi, – deya suhbatimizga qo‘shildi markaz rahbari Zafarjon Xudoynazarov. – Bundan tashqari, qariyb 400 tadbirkorga bepul yordam ko‘rsatildi, 17 kishi markazga a’zo bo‘ldi. Tumanimizda oilaviy biznesni tashkil etish, xalq hunarmandchiligi, kasanachilik va boshqa turdagi tadbirkorlik, jumladan, bog‘dorchilik va chorvachilikni rivojlantirish bo‘yicha ham katta salohiyatga ega, ulkan tajriba to‘plangan. Biz har bir oilada tadbirkorlik qilish va barqaror daromad manbalarini topish uchun sharoit yaratishga harakat qilyapmiz.

Feruza Otaxonova.

«Pravda Vostoka».

Namangan viloyati.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech