28 May 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +22,2 °C

Biznes
3 Aprel  2020 1409

“Uyda qol — foyda ol!”

yosh ishbilarmonlar karantin paytida ham halol daromad topishga intilyapti

Tadbirkorlik yosh tanlamaydi. Toʻgʻri, biror ishni boshlash uchun sarmoya, mablagʻni toʻgʻri yoʻnaltirish uchun bilim va tajriba kerak. Ammo undan ham muhim omil bor. Bu — ishonch! U harakatga undaydi. Harakat esa bir kuni natija beradi. Shu yil avvalida faoliyati yoʻlga qoʻyilgan “NAVOI PLATINUM” MCHJ fikrimiz isbotidir. Temir-beton mahsulotlari ishlab chiqaruvchi mazkur korxona rahbari Navroʻzbek Ochilov oʻtgan yili “Yoshlar – kelajagimiz” davlat dasturi doirasida 1,5 milliard soʻm miqdorida kredit olib ish boshlagandi. Oʻshanda u 18 yoshda edi.

Davlat kafil boʻladi

Prezidentimizning 2018-yil 27-iyundagi “Yoshlar – kelajagimiz” davlat dasturi toʻgʻrisida”ga farmoniga binoan tashkil etilgan jamgʻarma davlat dasturidagi tadbirlarni amalga oshirish va moliyalashtirish bilan cheklanmay, yoshlarning biznes tashabbusi, startap, gʻoya va loyihalarini roʻyobga chiqarish uchun tijorat banklari orqali yillik 7 foiz stavkali imtiyozli kredit va mol-mulkni lizingga berish, olinadigan kreditlar boʻyicha kredit hajmining 50 foizidan koʻp boʻlmagan miqdorda kafillik, amalga oshiriladigan tadbirkorlik loyihalarida ular qiymatining 50 foizidan koʻp boʻlmagan miqdorda ishtirok etish, keyinchalik jamgʻarma ulushini 5 yil davomida realizatsiya qilish kabi vazifalarni ham bajaradi.

— Davlat dasturiga asosan, oʻtgan yili yoshlarning 3 ming 655 ta loyihasi uchun 993,3 milliard soʻm kredit ajratildi, — deydi jamgʻarma ijrochi direktori Xayrulla Sattorov. — Natijada ishlab chiqarish, xizmat koʻrsatish hamda qishloq xoʻjaligi sohalarida respublika boʻyicha oʻn uch mingga yaqin yangi ish oʻrni yaratildi. Kredit olib faoliyatini yoʻlga qoʻygan yosh tadbirkorlar salkam 700 ming AQSH dollari miqdoridagi mahsulotni chet elga eksport qildi. Bugungi kunga qadar davlat dasturi doirasida ajratilgan kreditlar hisobiga faoliyatini yoʻlga qoʻygan tadbirkorlar davlat byudjetiga 50 milliard soʻmdan ziyod soliq toʻladi.

Tadbirkorlikka eʼtibor zamirida aholini ish bilan taʼminlash va shu orqali kambagʻallikni kamaytirish vazifasi yotadi. Mazkur dastur asosida kredit olib, faoliyatini kengaytirgan sirdaryolik Ibrohim Toʻrayev asosiy eʼtiborini ishchi kuchi salmogʻi va salohiyatini oshirishga qaratgan.

— Toʻqimachilik korxonamizni 2018-yili ochganmiz. Oʻshanda 30 nafar ishchimiz bor edi, — deydi Ibrohim Toʻrayev. — Ishchi kuchini koʻpaytirish orqali ishlab chiqarish hajmini oshirishni maqsad qilib, kredit olish harakatini boshladim. Ammo aksariyat banklar katta miqdorda kredit ajrata olmasligini bildirib, murojaatimni rad etdi. Keyin davlat dasturi toʻgʻrisida eshitib, oʻz loyihamni taqdim etdim. Jamgʻarma koʻmagi bilan 1,4 milliard soʻm kredit olishga erishdik. Shu orqali ishchilar sonini 85 nafarga yetkazib, eksportga moʻljallangan toʻqimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻydik.

Uyma-uy yurish qanday samara beradi?

Xalqimizning tadbirkorlik ildizlari Buyuk ipak yoʻli rivojlangan davrlarga borib taqaladi. Uzoq tarixga ega bu faoliyat bugun zamonaviy koʻrinishda jahon bozorida boʻy-bastini koʻrsatmoqda. Zamonaviy avlod genidagi ana shu qobiliyatni yuzaga chiqarish va rivojlantirishni davrning oʻzi taqozo etmoqda. Shuni hisobga olib, davlat dasturi asosida Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish komissiyalari tuzildi.

Mazkur komissiya tarkibi tuman va shahar hokimlarining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosarlari boshchiligida hamda ichki ishlar boshqarma(boʻlim)lari boshliqlarining yoshlar masalalari boʻyicha oʻrinbosarlari, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqining tuman va shaharlar kengashlari raislari, shuningdek, Tadbirkorlikka koʻmaklashish markazi boʻlinmalari rahbarlaridan iborat.

Komissiya aʼzolari oʻz vazifalarini xonada oʻtirib emas, balki xalq orasida yurib bajaradi. Uyma-uy kirib, mavjud infratuzilmani inventarizatsiya qiladi. Yoshlar shugʻullanish istagini bildirgan mehnat faoliyati turini tahlil qilib, namunaviy biznes rejalar asosida realizatsiya qilinadigan biznes loyihalarning manzilli roʻyxatini shakllantiradi.

Avvalo, “yurishni oʻrgatish” kerak!

Yosh tadbirkor endi atak-chechak qilayotgan goʻdakka oʻxshaydi. Bola ravon yurib ketishi uchun esa unga doimiy eʼtibor, gʻamxoʻrlik kerak. Undan ham oldin bolaga qanday yurishni, yiqilsa ham oʻrnidan turib, yoʻlda davom etishni oʻrgatgan maʼqul. Jamgʻarma faoliyatining yana bir yoʻnalishi yosh tadbirkorlarga “yurishni oʻrgatish”dir. Yaʼni yoshlarni tadbirkorlik sohasiga oʻqitish va zamonaviy bilim hamda koʻnikmalarni shakllantirish boʻyicha huquq, buxgalteriya, marketing, brending, bank, sugʻurta va mehnat qonunchiligi sohalarida tekin amaliy koʻmak, yaʼni konsalting xizmatlari koʻrsatiladi.

— Ishbilarmonlikka qiziquvchi yoshlarning bilim va salohiyatini oshirish, ularni jahon tajribasi bilan tanishtirish uchun tajriba-sinov tariqasida Jizzax viloyatining Doʻstlik, Sharof Rashidov va Zomin tumanlarida “Yosh tadbirkorlar” texnoparklari tashkil etiladi, — deydi Xayrulla Sattorov. — Ilmiy-texnologik va innovatsion tadbirkorlikni rivojlantirishga yoʻnaltirilgan mazkur texnoparklardagi sotuv maskanlari yosh tadbirkorlarga qulay shartlar asosida ijaraga beriladi. Bundan tashqari, 5 yil mobaynida ushbu joylarni oʻzida saqlab qolishga koʻmaklashiladi. Startaplar uchun banklar ajratgan kreditlarga kompensatsiya berish amaliyotini joriy etish bilan qarz hajmining 50 foizigacha boʻlgan miqdorda kafillik berish imkoniyatini yana-da kengaytirish niyatidamiz. Xalqaro moliyaviy muassasalardan yosh tadbirkorlar loyihalarini moliyalashtirish uchun chet el venchur jamgʻarmalari tajribasi asosida mablagʻlar jalb etish choralari koʻrilishi esa yosh biznes egalari uchun katta imkoniyatlar eshigini ochadi.

Karantinning taʼsiri qanday?

Dastur doirasida moliyalashtirilgan tadbirkorlik subyekti egalarining aksariyati oʻttiz yoshgacha boʻlgan yoshlardir. Ular biznesga endi kirib kelyapti. Shu bois, bu muammoli vaziyatda tajribali tadbirkorlarga qaraganda ular koʻproq hadiksirashi tabiiy. Hukumat tomonidan qarz toʻlash masalalarida qator yengilliklar yaratilganiga qaramay, koʻpchilikning ichiga gʻulgʻula tushgan. Xoʻsh, bu vaziyatda jamgʻarma yosh ishbilarmonlarga qanday koʻmak bermoqda?

— Mamlakatimizda koronavirus bilan bogʻliq murakkab vaziyatda ham faoliyatimizni toʻxtatganimiz yoʻq. Jamgʻarma vakillari tomonidan yosh tadbirkorlarga vaziyatdan toʻgʻri chiqish haqida tushuntirish ishlari olib borilib, ular ishtirokida maxsus loyihalar ishlab chiqishga kirishilgan. “Uyda qol — foyda ol!” chellenji ana shular jumlasidandir. Unda davlat dasturi asosida kredit olib ish boshlagan tadbirkorlar sohaga qiziquvchan yoshlar uchun mahorat darslari oʻtib beradi. Shuningdek, uy sharoitida daromad topish yoʻllari borasida fikr va tajribalar oʻrtoqlashiladi, — deydi Xayrulla Sattorov.

Jamgʻarma faqat kredit ajratishga bogʻliq masalalar bilan cheklanmasligi, koʻproq tadbirkorlar tarbiyasi bilan shugʻullanishi lozim. Chunki olingan qarzni masʼuliyat bilan sarflash, toʻgʻri yoʻnaltirish uchun tadbirkorga bilim va toʻgʻri maslakdosh kerak.

Sohiba Mullayeva,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech