02 Iyul 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +24,7 °C

Fikr
1 May  2020 2589

“Ulugʻ xalq qudrati joʻsh urgan zamon...”

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev global inqiroz va pandemiya sharoitida Oʻzbekiston oldida turgan dolzarb vazifalarga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishida koronavirus infeksiyasiga qarshi kurash pallasida mamlakatimiz ahlini birdamlikka va hamjihatlikka chorlab: “Buyuk shoirimiz Abdulla Oripov qalamiga mansub, hammamiz gʻurur bilan kuylaydigan Davlat madhiyamizda “Ulugʻ xalq qudrati joʻsh urgan zamon”, degan chuqur maʼnoli soʻzlar bor. Chindan ham, mana shunday murakkab va sinovli damlarda biz ulugʻ va mehnatkash xalqimizning qudrati, aql-zakovati va sabr-matonati, mehr-oqibati va samimiyati bilan ushbu ogʻir sinovlarni ham, albatta, yengib oʻtamiz”, deb taʼkidlagani, mana bir necha kundirki, koʻpchilik diqqatining markazida. Odamlar “Davlat madhiyamizni har birimiz yod bilamiz, radio-televideniyeda har kuni yangraydi, biroq uni davlat rahbari tilidan eshitish boshqacha boʻlar ekan”, deyishmoqda. Shu bilan birga, mamlakat prezidenti nega bu misraga barchaning eʼtiborini qaratganining mazmun-mohiyati haqida mulohaza bildiruvchilar ham talaygina.

Ulugʻ xalq qudrati... Davlat madhiyamizning shu birgina jumlasi oʻzbek xalqining butun oʻtmishini, boshdan kechirgan kunlarini, qattiq sinovlarni shon-sharaf bilan mardonavor yengib oʻtgan qanchadan-qancha voqea-hodisalarni koʻz oldingizga keltirib qoʻyadi, albatta.

Misol uchun, barchamiz tarix darsliklaridan Surxondaryoning Teshiktoshidan topilgan sakkiz yashar bola haqida oʻqiganmiz. U erta paleolit davrining mustyer pallasida yashagan, deb aytiladi. “Teshiktosh bolasi”ni topgan olim A.Okladnikov topilmani bunday deb taʼriflaydi: “Keyingi qazilmalar kutilmagan va haqiqatan ham haligacha biror-bir tadqiqotchi duch kelmagan favqulodda manzarani namoyon qildi: mustyer odami bosh chanogʻining atrofiga qatʼiy tartibda, aniq reja asosida doira shaklida togʻ echkisining shoxlari tizib chiqilgan edi. Rad qilib boʻlmas mazkur haqiqat bu yerda tafakkur, xatti-harakatlarning mantiqli rejasidan va ular ortidagi bus-butun taassurotlar dunyosidan darak berib turibdi…”.

Mustyer madaniyati bugungi kunimizdan taxminan uch yuz ming yil oldin paydo boʻlgan va oʻttiz ming yil avval sovuq tufayli inqirozga yuz tutgan, deb hisoblanadi.

Qiziq, xayolga kelmagan ekan: vatanimiz hududlaridan topilib, dunyoning qilni qirq yorar mutaxassislari bir ovozdan tan olgan va shu sababli maktab darsliklarimizga ham kiritilgan ushbu topilma oʻrta paleolit davrida ham hayot barq urganini, hunarmandchilik va madaniyat rivoj topganini isbot qilib turibdi.

Yana bir maʼlumot esa Samarqandga xos: olimlar J.M.Roberts, N.Xamramov va M.Voyevodskiy Samarqand arxeologik yodgorliklarini oʻrganib, bu yerda oʻttiz-qirq ming yil avval ham madaniyat hukm surganini hayrat-la aytib oʻtishgan.

Shuncha ming yil... Buni aqlga sigʻdirib boʻlmaydi-ku desak, besh ming yil burun qahramon Alp Er Toʻnga turkiy uluslarni birlashtirish uchun jon kuydirgani, shaharlar qurgani esga keladi. Dunyoning eng qadimgi xalqlari qatorida ajdodlarimizning yaratuvchilik va bunyodkorlik fazilatlari yaqqol koʻrinadi. Bu fazilatlar “Alpomish” va “Barchinoy” dostonlarida, yer yuzining ilk akademiyalaridan biri boʻlmish Xorazm akademiyasi kashfiyotlarida, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mahmud al-Xorazmiy, Mahmud Zamahshariy, Imom at-Termiziy, Buxoriy, Fargʻoniy ilmiy ishlarida, qudratli va adolatli sultonlar Amir Temur, Mirzo Ulugʻbek, Shohrux Mirzo, Zahiriddin Muhammad Bobur meroslarida qayta va qayta namoyon boʻlaveradi.

Prezident tilga olgan qudratning zamonaviy eʼtirofiga keladigan boʻlsak, bundan bir necha yil avval, “Genetik” deb nomlangan asarga maʼlumot toʻplash maqsadida moʻtabar olimlarimiz bilan suhbatda yangi bir tadqiqot haqida aytib qolishdi. Dunyodagi eng obroʻli ilmiy nashrlardan biri – “The Open Genomics Journal”da bir guruh oʻzbek va chet el olimlari Markaziy Osiyo xalqlari genetikasiga bagʻishlangan “Insoniyat chorrahasida gen oqimlari: Oʻzbekistonda uchraydigan insersion polimorfizmlardagi mt-DNK turli-tumanliklari” deb nomlangan maqola eʼlon qilingan ekan. Ushbu maqolaga Oʻzbekiston olimlari Ibrohim Abdurahmonov, Shuhrat Shermatov, Zabardast Boʻriyev, Abdusattor Abdukarimov hamda chet el ilmiy markazlari mutaxassislari Erik Devor, Mark Zloyutro, Meredich Millis, Jessika Galbrayt, Maykl Krouford imzo chekishgan boʻlib, Markaziy Osiyo chindan ham dunyo taraqqiyoti yoʻlidagi oltin shohbekat ekani oʻz isbotini topgan. Shuningdek, izlanishlar natijasida oʻzbek xalqi dunyo sivilizatsiyasidagi mavjud barcha genlar xilma-xilligiga ega ekanligi va ular orasida inson taraqqiyotidagi eng qadimgi genotiplar mavjudligi koʻrsatib berilgan. Bu - xalqimizning oʻta qadimiy genetik tarixiga urgʻu berishi bilan birga, “tirik tarixiy muzey” ekanidan ham dalolat beradi. Ilmiy mulohazalardan kelib chiqadigan xulosa shuki, yurtimiz nafaqat siyosiy, ijtimoiy va strategik ahamiyatga ega, balki oʻta qadimiy va xilma-xil boʻlgan insonlari bilan xalqaro miqyosda juda katta biologik boylikni oʻzida mujassam etgan.

Ilmning soʻzlarini biz koʻp ham tushunavermaymiz Misol uchun, tillani “oltin” desak, fan uni “aurum” deb ataydi, biz qiymatiga qiziqsak, fan uning molekulyar tuzilishiga eʼtibor qaratadi. “Biologik xazina” deyilganida qanchadan-qancha tabiiy ofatlar va ijtimoiy halokatlardan sogʻ-omon olib chiqib, yana gullab-yashnatgan xalq bagʻridagi bitmas-tuganmas qudrat tushuniladi.

Olimlarimiz ushbu tadqiqot qanday oʻtkazilgani haqida ham faxrlanib soʻzlab berishdi. Dunyo miqyosidagi jurnalda eʼlon qilingan yangilik aslida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning shaxsan rahbarligida tashkil qilingan va eng soʻnggi rusumdagi asbob-uskunalar bilan jihozlangan Genomika va bioinformatika markazida olib borilgan turli-tuman tadqiqotlardan birining natijasi ekan. “Markazimiz binosining taʼmiridan to jihozlanishigacha qatʼiy nazorat qilib, bir necha marta kelib bajarilayotgan ishlar bilan tanishganlari, tadqiqotlarga qiziqish bildirganlari va qoʻllab-quvvatlaganliklari uchun juda minnatdormiz, - deyishdi olimlar. - Qanchadan-qancha muhim ishlari boʻlishiga qaramay, laboratoriyamizga, tajriba maydonimizga va keyinchalik markazimizga tashrif buyurib, har bir tadqiqotimizni birma-bir muhokama qilganliklarini, taʼbir joiz boʻlsa, oʻz fikrlari bilan boyitib, toʻgʻri yoʻlga yoʻnaltirganliklarini alohida aytishimiz kerak. Biz kabi yosh mutaxassislarga ishonch bildirganliklari fan taraqqiyotiga katta turtki boʻldi va bizni yana-da qattiqroq ishlashga, ishonchga munosib boʻlishga undadi. Esimda, dastlabki uchrashuvlarda bildirilgan turli qarashlarga javoban Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev: “Biz oʻzbekmiz, boshladikmi – albatta yakuniga yetkazamiz”, deb javob bergan edilar. Shu qatʼiyat tufayli Markaziy Osiyoda yagona Genomika va bioinformatika markazi bunyod etildi. Dunyodagi eng soʻnggi rusumli ilgʻor ilmiy-tadqiqot uskunalari – sekvenserlar, analizatorlar olib kelib oʻrnatildi, olimlarga zamonaviy shart-sharoitlar yaratildi. Markazimiz faqatgina oʻsimliklar genetikasi bilangina shugʻullanib qolmaydi. Imkoniyatlarimiz beqiyos. Shu imkoniyatlar tufayli biz oʻz xalqimiz tarixi sirlariga ham qiziqdik. Yurtimizning hududlaridan tanlab olingan kishilar genlarini tadqiq qilganimizda, haqiqatan ham, ularning irsiyati oʻnlab ming yil nariga borib taqalganini koʻrdik.

Bu maʼlumotlar yoshlarimiz oʻzlarining qanchalar qadimiy sulolalarga mansub ekanligini, bilimga, yaratuvchanlikka intilish ezgu ish sanalganini, shu moʻtabar tuproqlardan yetishib chiqqan ne-ne daholarning qoni mangu uygʻoq ekanini idrok etishlari hamda u qon tomirlarida hanuz oqayotganini his qilishlari uchun aytilmoqda, albatta”.

Ajab, ushbu yutuqlar va bilimlarning Prezidentimiz tilga olgan “Ulugʻ xalq qudrati” iborasiga qanchalar mos ekanini koʻring! Xulosalar oʻz-oʻzidan namoyon boʻlib turibdi.

Fanda oʻz isbotini topgan “Oltmish toʻrt genli kalit”ni olimlar “isteʼdod kalitlari” deb atashadi. Har bir ota-ona oʻz isteʼdodini bolasiga meros qilib qoldiradi, uning yoʻqolib ketishi mumkin emas, chunki har hujayra ichida avloddan-avlodga oʻtaveradi. Muayyan sharoit yuzaga kelganida esa oʻsha “kalit” ishlab ketadi va ajoyib zako quvvatini ochib yuboradi. Xalqning qadimiyligi va xilma-xillik koʻpligining muhimligi shunda: kishilarimiz qonida turli isteʼdodlar yashirinib yotibdi. Har bolamiz qonida isteʼdod oqmoqda, degani bu. Endigi vazifa oʻsha “uxlab yotgan genlarni” uygʻotishdan iborat.

Albatta, bular mamlakatimizda barcha sohalar qatorida ilm-fan va ijod sohasida ham amalga oshirilayotgan tub yangilanishlar tamalini ifodalab turibdi. Lekin xususiy faktlarga kelganimizda ham natija oʻzgarmaydi. Oramizda genetik yoshi yuz ming yilga teng kishilar ham bor. “Ulugʻ xalq qudrati”ning mohiyati shu yerda yana-da oydinlashadi.

Mana shu nihoyatda buyuk salohiyatga ega, asrlardan asrlarga oʻzining mardligi, birdamligi va olijanobligi bilan oʻtib kelgan saxovatli, mard va toʻgʻrisoʻz xalqni bugungi kun ofatlaridan koʻz qorachigʻiday asrab-avaylab olib oʻtish haqida soʻz bormoqda, deb tushundim.

Modomiki, shuncha isteʼdod va qobiliyat, demakki, qatʼiyatlilik, vatanparvarlik, fidoyilik, mehru muruvvat kabi fazilatlar avloddan-avlodga xazina singari meros boʻlib oʻtib kelayotgan ekan, bu aqlu ruhiyatimizga juda katta quvvat baxsh etadi. Barchani bir maqsad, bir gʻoya yoʻlida birlashtiradi. Prezidentimiz nazarda tutgan qudrat yana joʻsh urayotganiga, oldinga maqsad qilib qoʻyilgan nurli, yorugʻ va farovon manzillar sari birgalikda harakat qilishga undaydi.

Isajon Sulton,
yozuvchi, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech