05 Dekabr 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent -3,8 °C

Fikr
21 Aprel  2020 1225

Umumbashariy imtihon

Koronavirus pandemiyasi tufayli dunyoda vujudga kelgan vaziyatni butun insoniyat boshdan kechirayotgan imtihonga mengzagim keladi. Zero, bir jihatdan, bu sinovdan biron-bir yurt yoki xalq chetda qololmayotgan boʻlsa, ikkinchi tarafdan, ushbu ofat keltirib chiqarayotgan muammolar bamisoli barchamizning insoniy tuygʻularimiz nechogʻlik xolis ekanini tekshirib koʻrmoqda, deyish mumkin. Chin insonning mohiyatini belgilaydigan ezgu fazilatlar – ilmu hikmat, sabru qanoat, mehru muruvvat, xayru saxovat, vazminligu bardoshlilik, tadbirkorligu bagʻrikenglik va hayotimizning maʼnaviy ustunlari boʻlmish boshqa goʻzal sifatlar ayni kunlarda alohida ahamiyat kasb etgani shubhasiz. Yaratganga beadad shukurlar boʻlsinki, U xalqimizni bunday ulugʻ imtiyozlarga boy qilib qoʻygan.

Tarixga nazar solinsa, har qanday jamiyat boshiga qiyin kunlar tushganda muayyan omillar ahamiyatining keskin oshganiga guvoh boʻlish mumkin. Ulardan biri bunday vaziyatlarda maʼrifatli va donishmand insonlarning soʻzi va amalining qiymati bilan bogʻliqdir. Yaʼni, ommaviy noxushlik va tashvish sharoitida keng ommaning eʼtibori el-yurt ravnaqiga qoʻshgan alohida hissasi bilan hurmat qozongan kishilarga qaratiladi. Ularning yangi voqelikka munosabati, uning ijobiy yoki salbiy taraflariga berayotgan bahosi bamisoli yoʻlchi yulduz maqomini kasb eta boshlaydi. Xalqimizning “oʻn qoʻshchiga – bir boshchi!” degan ulugʻ hikmati aynan ana shuning mahsuli boʻlsa, ajab emas.Qissadan hissa shuki, bugun “men vatanparvar ziyoliman!” degan mardi maydonlarning faolligi ertangi tinchligimizu xotirjamligimizni taʼminlashning hayotiy va taʼsirchan vositalaridan birigi aylangandi. Meni ham ayni shu kayfiyat qoʻlga qalam olish va koʻngildagi insoniy mulohazayu tuygʻular bilan oʻrtoqlashishga undadi...

Ilmu maʼrifat izlash va uni xalqqa yetkazish davomida yigʻilgan koʻp yillik tajribam shundan dalolat bermoqdaki, insoniyat, jumladan, yurtimiz ham, bunday qiyin vaziyatga ilk bor roʻbaroʻ kelayotgani yoʻq. Bundan-da ayanchliroq oqibatlarni keltirib chiqargan ne-ne qirgʻin barotlar, oʻlatu vabolardan ustun kelgan Hazrati Inson navbatdagi yovni, garchi u koʻz ilgʻamas makkor boʻlsa-da, albatta, yengishiga shubha yoʻq. Ana shunday boʻlishi muqarrar ekanining isbotlari faqat hayotiy tajribalarda oʻz ifodasini topib qolmasdan, balki ular maʼnaviyatimizning umurtqa suyagi boʻlgan diniy-aqidaviy qadriyatlarimizda ham koʻplab topiladi. Mazkur maʼnoda muqaddas dinimizning sarchashmasi – Qurʼoni karimning Baqara surasi 155 oyati matnini keltirishning oʻzi kifoya: “Sizlarni biroz xavf-xatar, ochlik (azobi) bilan, molu jon va mevalar (hosili)ni kamaytirish yoʻli bilan sinaymiz. (Shunday holatlarda) sabr qiluvchilarga xushxabar bering (ey Muhammad)!”

Bugun Kurrai Zamin boʻylab rivojlanayotgan va barchani birdek xavotirga solayotgan jarayonlar Yaratganning ushbu soʻzlari bilan toʻliq uygʻunligini faqat qalbi koʻr kishigina inkor etishi mumkin.

Demak, sinov davridan qanday oʻtish ertamizning mazmun-mohiyatini tiniqlashtiradigan belgidir. Modomiki shunday ekan, bugungi voqelikning bosh taqozosi vazminlik va mulohazakorlik boʻlishi lozim. Ehtiyotkorlik albatta zarur, el-yurt xavfsizligini kafolatlash yoʻlidagi umummilliy tadbirlarni hamjihatlikda amalga oshirish ham shu qadar muhim. Ammo vahimaga berilish, virus yuzaga chiqarayotgan ayrim noxushliklardan umidsizlikka tushish, ularni mubolagʻali tarzda talqin qilishga moyillikka zinhor-bazinhor yoʻl qoʻyib boʻlmaydi. Ana shunday oʻylar kelganda, dunyodagi muayyan yurtlar va mintaqalarni eslaylik. Masalan, ularning ayrimlarida deyarli har kuni zilzilalar boʻlib turadi, hecham kutilmaganda ular kuchayib, katta vayronagarachilik, hatto qurbonlarga sabab boʻladi. Lekin bundan odamlar talvasaga tushmaydilar, aksincha, buni Yaratganning qudrati koʻrinishlaridan biri sifatida qabul qilib, ona tabiatning bunday injiqliklariga koʻnikib yashashni oʻrganadilar. Qolaversa, ana shunday yurtlar taraqqiyotning ibratli modellarini yaratmoqdalar, boshqalar ularga havas bilan qaramoqda, ular erishgan yuksak marralarga intilib yashamoqda. Ushbu fikrning isboti sifatida birgina Yaponiyani misol keltirishning oʻzi kifoya.

Mamlakatimizdagi bugungi voqelik barchamizni ertangi kunga ishonchimizni mustahkamlamoqda deyilsa, fikri ojizimcha, aslo mubolagʻa boʻlmas. Toʻgʻri, virus bizga ham kirib keldi, unga chalinganlarning soni asta-sekinlik bilan boʻlsa-da, oʻsib bormoqda. Ammo tom maʼnodagi xalqparvar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning misli koʻrilmagan saʼy-harakatlari va fidokorligi natijasida, hukumat va boshqa umummilliy tuzilmalarning aniq va puxta oʻylangan rejaga asoslangan tizimli faoliyati tufayli xatarli virusning tarqalishi imkon qadar jilovlanmoqda.

Yurtimizda amalga oshirilayotgan ishlarni mushohada qilar ekansan, tarozining pallasiga qoʻyilgan xalqimiz sogʻligi va xavfsizligini taʼminlash vazifasining salmogʻi har qanday boshqa yumush, hatto, iqtisodiy rivojlanish ehtiyojlaridan-da koʻra zalvorliroq boʻlayotganiga amin boʻlasan. Inson salomatligi va xavfsizligini taʼminlash kabi xayrli maqsadga erishish yoʻlida har qanday mablagʻ va jiddu jahdni ayamaslik davlatimiz siyosatining qoq yuragiga aylanganini koʻrib, xalqimiz xotirjamligi, turmushimiz farovonligi va toʻkisligiga hech qanday virus osonlikcha tahdid sololmasligiga ishonchi ortadi kishining.

Bunday xulosaning xolisligi isbotlari sifatida yurtimizda koronavirusga chalinganlar sonida keskin oʻsishning kuzatilmayotgani, paydo boʻlayotgan holatlar yuzasidan tezkor amaliy choralar koʻrilayotgani, zarurat tugʻilib qolgan taqdirda bemorlarni joylashtirish uchun lozim boʻlgan qoʻshimcha yangi tibbiy muolaja muassasalarining tezkorlik bilan qurilayotgani va yana koʻplab ibratli ishlarni koʻrsatish mumkin. Tarix haqiqati shundayki, eng ogʻir vaziyatlardan sogʻ-omon chiqqan millat va xalqlarning albatta ishonchli rahnamosi boʻlgan va keng omma uning atrofida jipslashgan. Yaratganga beadad shukurlar boʻlsinkim, bugungi murakkab sharoitlarda xalqimizni ana shunday fidoiy va iqtidorli Yoʻlboshchi bilan siylab qoʻydi!

Ammo “sholi kurmaksiz boʻlmaydi” deganlaridek, yakkam-dukkam boʻlsa-da, pandemiyaga qarshi umummilliy kurashdagi hamjihatlikka putur yetkazishi mumkin boʻlgan xatti-harakatlar ham koʻzga chalinib qolayotgani koʻngilni xijil qiladi. Buning oddiy misollaridan biri – har birimizning xavfsizligimizni kafolatlash uchun oʻrnatilgan umumiy tartib-qoidalar, jumladan, karantin bilan bogʻliq vaqtinchalik cheklovlarning buzilishi hamon davom etayotgani, yo boʻlmasa, nihoyatda oddiy boʻlgan ijtimoiy masofaga rioya qilish talablarini nazar-pisand qilmayotganlar uchrab turgani va boshqalarni koʻrsatish mumkin. Afsuski, koronavirus bilan bogʻliq maʼlumotlarni bilib-bilmay soxtalashtirish, hatto, ularni mubolagʻali koʻrinishlarda tarqatishga urinayotganlar ham topilib turibdi. Real voqelikka ishonchsizlik bilan qarab, vahimaga tushib qolayotganlar ham yoʻq emasligi bundan-da ayanchliroq...

Bunday holatlar quloqqa chalinganda bir ibratli arab rivoyati yodimga keladi. Bir kishi koʻchada ketayotgan ekan, roʻparasidan vabo chiqib qolibdi. “Yoʻl boʻlsin?” deb soʻrabdi u vabodan. “Bagʻdodga ketayapman” deb javob beribdi vabo. “Koʻpchilikni olib ketasanmi?” deb soʻrabdi u odam. “Yoʻq,– deb javob beribdi vabo, – bor-yoʻgʻi besh ming kishini”. Oradan bir yil oʻtgach, haligi odam yana vabo bilan toʻqnashib qolibdi. “Besh ming kishini olib ketaman degan eding, lekin besh yuz ming kishi nobud boʻldi-ku!” deya xitob qilibdi u. Vabo esa, “yoʻq men, aytganimdek, besh ming kishini olib ketdim, xolos. Boshqalar vahimadan oʻldi” degan ekan... Oʻylashimcha, bu kabi rivoyatlar onda-sonda boʻlsa ham hayotimizda uchrab turadigan salbiy maʼnodagi lofchilar uchun ibrat boʻlishi lozim. Har qanday sogʻlom fikrli kishi bunday salbiy holatlarga befarq boʻlishi mutlaqo nojoizdir. Dinimiz buyurgan amri maʼruf va nahiy munkar, yaʼni ezgulikka ragʻbatlantirish va rad etilgan (salbiy) xatti-harakatlardan qaytarish barchamizning zimmamizdagi insoniy majburiyat ekanini aslo unutib boʻlmaydi. Bu mulohaza, ayniqsa, hayotiy tajribasi hali kam yoshlar bilan muloqotlarimizga daxldordir. Axir, biz yoshlarga saboq bermasak, ular hayotiy tajribani qaydan olsin...

Ongli hayotimning anchagina yillarini muqaddas dinimiz sarchashmalari, xususan, hadisi shariflarni oʻrganishga bagʻishladim. Uzoq muddat davom etib kelayotgan bunday izlanishlardan chiqargan asosiy xulosam shu boʻldiki, islom taʼlimotining tub mohiyatini inson manfaatlarini imkon qadar bezarar va toʻliq roʻyobga chiqarish tashkil etadi. Shuning uchun qurʼoniy oyatlarda ham, hadisi shariflarda ham odamlarning eng yaxshisi boshqalarga koʻproq nafi tegadigani, oʻziga ravo koʻrgan ezgulikni birodariga ham ilinadigani, har qanday fitna va qabohatdan yiroq boʻladigani, birovga yaxshilik qilmoqning nechogʻlik ulugʻ fazilat ekani haqidagi ibratli hikmat va nasihatlar markaziy oʻrinni egallagandir.

Aytish joizki, koʻrinmas yov butun dunyo boʻylab inson zotiga birdek hamla etayotgan bugungi qaltis sharoitlarda ayni zikr etilgan fazilatlarga boʻlgan ehtiyoj oʻzini tobora yaqqolroq namoyon qilib bormoqda. Zero, sharoit taqozosiga koʻra yordamga ehtiyojmand toifalarning ahvoli bugun har doimgidan-da koʻra mushkulroqdir. Ayniqsa, serfarzand va moddiy koʻmakka muhtoj boshqa toifalar, jumladan, turli sabablarga koʻra yakka-yolgʻiz qolgan va uydan tashqariga chiqishi mushkul boʻlgan qariyalar va nogironlarning hojatini chiqarishga boʻlgan zarurat kun sayin ortib bormoqda.

Shu munosabat bilan xalqimizning eng ulugʻ fazilatlaridan birini savobli amallarni koʻproq qilishga intilish tashkil etishini eslamoqchiman. Ommaviy axborot vositalari orqali guvohi boʻlayotganimiz xayr-ehsonga qoʻl urayotgan ishbilarmonlaru oddiy odamlarning bu sohadagi faolligini koʻrib koʻnglim yayraydi! Ibratli milliy va diniy qadriyatlarimiz hayotiy maqominining jadal tiklanib, tobora mustahkamlanib borayotganiga amin boʻlaman, shunday yurt ahlidan ekanimdan qalbim iftixor tuygʻulariga toʻlib-toshadi!

Bugun muborak Ramazon oyining ostonasida turibmiz. Paygʻambar alayhissalomning mashhur hadislaridan birida har qanday ishning natijasi qilingan niyatga muvofiq boʻladi, deya taʼkidlanadi. Zikr etilgan oy poklik va musaffolik, yaxshilik va barakot, saxovat va muruvvat pallasi boʻlishi barobarida, chin koʻngildan qilingan ezgu duolarning mustajob etilishi vaʼdasi bilan ham eʼtiborlidir. Shuning uchun ham moʻmin-musulmonlar ushbu oy davomida duoyi xayrlar qilib, kelgusi yili unga yana yetishga musharraf etishini Allohdan iltijo qiladilar. Xalqimizni mazkur ulugʻ munosabat bilan samimiy qutlagan holda, insoniyat boshiga tushgan ofatdan barchamizni tez fursatlarda xalos etishini Yaratgandan soʻrab qolaman.

Ubaydulla Uvatov,

Imom Termiziy xalqaro tadqiqot markazi direktori,
tarix fanlari doktori, professor

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech