03 Dekabr 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +5,7 °C

Mamlakatimizda
31 Mart  2020 1133

“Vaqtincha toʻxtatilgan ommaviy tadbirlar reklamasi olinishi shart!”

Koronavirus pandemiyasi mamlakatimizda qayd etilgan ilk kunlardan kasallikning ommaviy kirib kelishi va keng tarqalishiga qarshi tizimli chora-tadbirlar ishlab chiqilmoqda. Xususan, joriy yilning 15-martidan boshlab yurtimizda barcha ommaviy tadbirlar, jumladan, teatr, kino va konsert tomoshalari vaqtincha toʻxtatilib, nomaʼlum muddatga qoldirildi.

Ammo ommaviy axborot vositalari va tashqi reklama konstruksiyalari orqali joriy yilning mart-aprel oylarida oʻtkazilishi rejalashtirilgan, lekin amalda nomaʼlum muddatga qoldirilgan yoki namoyishi bekor qilingan ommaviy tadbirlar toʻgʻrisidagi reklamalarni tarqatish davom etayotgani fuqarolarning eʼtirozlariga sabab boʻlmoqda.

– “Reklama toʻgʻrisida”gi qonunga koʻra, noaniqligi, ikki xil maʼnoni anglatishi, boʻrttirib yuborilishi, shuningdek, reklamani tarqatish vaqti, joyi va usuliga nisbatan qoʻyilgan talablar hamda qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa meʼyorlarning buzilishi hisobiga reklamadan foydalanuvchilarni chalgʻituvchi yoki chalgʻitishi mumkin boʻlgan reklama notoʻgʻri reklama hisoblanadi va u taqiqlanadi, – deydi Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligi boshqarma boshligʻi oʻrinbosari Sherzod Mahamadaliyev. – Shu bois, yuqoridagi holatlarga chek qoʻyish boʻyicha bir qator ishlar yoʻlga qoʻyilgan. Xususan, Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi huzuridagi Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligi tomonidan ommaviy axborot vositalari, reklama obyektlari (konstruksiyalari) egalari, reklama agentliklari, ommaviy tadbirlar tashkilotchilariga yaqin kunlarda oʻtkazilishi toʻxtatilgan va nomaʼlum muddatga qoldirilgan ommaviy tadbirlar toʻgʻrisidagi reklamalarni barcha reklama vositalaridan olib tashlash yuzasidan zarur chora-tadbirlarni amalga oshirish boʻyicha topshiriq xatlari yuborildi. Tez kunlarda mazkur masalaning amaliy natijasiga erishilishi koʻzda tutilgan.

Tashqi reklamalar joylashtirish talab darajasida boʻlishi lozim!

Bundan tashqari, mamlakatimizda soʻnggi vaqtlarda tashqi reklamalarni joylashtirish boʻyicha bir qator talablar belgilanib, ularning ijrosini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Ayniqsa, Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 20-fevraldagi “Tashqi reklama bozorini tartibga solish toʻgʻrisida”gi qarori bu borada aniq vazifalarni belgilab berdi. Endilikda har kuni koʻzimiz tushadigan reklama taxtalariyu eʼlonlarning sifatsizligi, noqonuniy oʻrnatilishi yoki talabga javob bermaydigan boshqa holatlarga yoʻl qoʻyilmaydi. Xususan, tegishli tashkilotlarga har bir tuman (shahar) boʻyicha maxsus ishchi guruhlar tuzilib, tashqi reklama obyektlari(konstruksiyalari)ning ushbu qaror talablariga muvofiqligi yuzasidan xatlovdan oʻtkazish boʻyicha zarur choralar koʻrish vazifasi yuklatilgan.

– Ayni paytda deyarli barcha hududlarda maxsus ishchi guruhlar tashqi reklama obyektlari (konstruksiyalari) boʻyicha xatlovni amalga oshirmoqda, – dedi Sherzod Mahamadaliyev. – Shu kunga qadar respublika boʻyicha oʻrnatilgan jami 10 mingdan ortiq tashqi reklama obyekti(konstruksiyasi)dan 1820 tasining qaror talablariga mosligi oʻrganildi. Joriy yilning 20-mart holatiga koʻra, ishchi guruh tomonidan qaror talablariga muvofiq boʻlmagan 425 ta tashqi reklama obyekti (konstruksiyasi), jumladan, egasi aniqlanmagan 34 ta, tegishli hujjati (pasport, guvohnoma, sertifikat, ruxsatnoma) mavjud boʻlmagan 305 ta, eskirgan, yaroqsiz holatga kelib qolgan 9 ta, avtomobil yoʻllarining ajratuvchi boʻlagida, xususan, yoʻlning yonma-yon joylashgan qatnov qismlarini ajratuvchi, transport vositalari harakatlanishi yoki toʻxtashi uchun moʻljallanmagan, yoʻl sathidan baland yoki yotiq chizigʻi bilan belgilangan qismida hamda trotuar va piyodalar yoʻlaklarida, xavfsizlik orolchalarida oʻrnatilgan 197 ta tashqi reklama konstruksiyasi aniqlandi. Mazkur xatlovlar jarayonida belgilangan talablarga toʻgʻri kelmaydigan, ruxsatsiz oʻrnatilgan tashqi reklama obyektlarining 69 tasi maxsus ishchi guruh koʻrsatmasiga asosan egalari tomonidan ixtiyoriy ravishda, oʻz kuchlari bilan olib tashlandi (demontaj qilindi), 109 ta tashqi reklama obyekti (konstruksiyasi) egalariga esa oʻttiz kalendar kun ichida demontaj qilish yuzasidan tegishli ogohlantirish xatlari taqdim etildi.

Viloyatlarda ahvol qanday?

Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligining maʼlum qilishicha, hozir nafaqat poytaxtimiz, balki barcha viloyatlarda tashqi reklama obyektlari(konstruksiyalari)ni xatlovdan oʻtkazish ishlari amalga oshirilmoqda. Xususan, Namangan shahri hududida oʻrnatilgan 211 ta xuddi shunday obyektning 101 tasi qaror talablariga mosligi qayd etilib, talab darajasida boʻlmagan 21 tasining egalariga demontaj qilish yuzasidan tegishli ogohlantirish xatlari taqdim etildi. Ikkita holatda esa reklama konstruksiyasi olib tashlandi.

Buxoro viloyatining barcha shahar va tumanlarida ham maxsus ishchi guruh tomonidan qatʼiy belgilangan tartibda xatlov olib borilyapti. Birgina Buxoro shahrida bugungacha 200 dan ortiq tashqi reklama obyekti xatlovdan oʻtkazilib, ulardan 27 tasi yoʻl oʻrtasida boʻlgani sababli demontaj qilindi. 51 ta reklama obyekti esa qarorga moslashtirildi, yaʼni ularning oraliq masofasi, avtomobil yoʻllariga chiqib qolganlarining joylashish holati qaror talablari asosida oʻzgartirildi. Shuningdek, reklama tarqatish faoliyati bilan shugʻullanuvchi barcha korxonalarga oʻzlariga tegishli reklama konstruksiyalarini yuqoridagi qaror talablariga moslashtirish boʻyicha xatlar yuborildi.

Ayni kunlarda respublikaning barcha hududlarida tashqi reklama obyektlari(konstruksiyalari)ni xatlovdan oʻtkazish ishlari davom etmoqda.

Iroda Toshmatova,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech