19 Avgust 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +32,8 °C

Madaniyat
14 May  2019 3387

Turizmdan... sirkni inqirozdan chiqarishgacha...

San’at va madaniyat - yo‘qolmas ma’naviy qadriyatlar manbai. Xalq, davlat kelajagi ham ularning darajasiga bog‘liq. Xo‘sh, mamlakatimizda ularning rivojlanishi qanday? Sohaning sifatini yangi darajaga ko‘tarish uchun nimalar qilish va hayotga tatbiq etish talab etiladi? O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri Baxtiyor Sayfullayev o‘quvchilarimizning bu haqdagi savollariga javob beradi.

«Turizm infratuzilmasini keng ko‘lamda qurish davrida Samarqandning tarixiy merosini saqlab qolish uchun qanday choralar ko‘rilmoqda?»

A.Alimov. Samarqand sh.

– YUNESKOning Umumjahon merosi qo‘mitasining 2001-yil Xelsinkida (Finlyandiya) bo‘lib o‘tgan 25-sessiyasidagi buyrug‘i bilan «Samarqand - sivilizatsiyalar chorrahasi» Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan. Uning hududida joylashgan madaniy meros ob’yektlari YUNESKO Konvensiyasi tomonidan himoyaga olingan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 19-dekabrdagi «Moddiy madaniy meros ob’yektlarini muhofaza qilish sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida YuNeSKOning Umumjahon merosi ro‘yxatiga tarixiy-madaniy qiymatiga ko‘ra kiritilgan respublikadagi hududlar alohida muhofaza qilinadigan tarixiy-madaniy hududlar hisoblanadi hamda ularda rejalashtirilgan qurilish va obodonlashtirish ishlarining loyihalari Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniy meros departamenti hamda YUNESKOning Umumjahon merosi markazi bilan majburiy tartibda kelishilgan holda amalga oshiriladi.

Hazrati Xizr masjidi hududida maqbaraing qurilishi munosabati bilan hisobot tayyorlangan va Umumjahon merosi qo‘mitasiga yuborilib, kelishilgan. 

«Boysun tog‘larida arxeologlar buyuk Xitoy devorining muqobilini topganini eshitdim. Shu haqda batafsilroq ma’lumot bersangiz...»

V.Hasanov. Toshkent sh.

– O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi San’atshunoslik instituti arxeologlari Rossiya fanlar akademiyasi Arxeologiya instituti xodimlari bilan birgalikda qadimiy Baqtriyaning shimoliy chegaralarida tadqiqotlar olib borishayotganda, eramizdan avvalgi III asrda qurilgan yaxlit mudofaa devorlari tizimini kashf etdilar.

Tadqiqotlar Baqtriyaning shimoliy chegaralarini aniqlashga yordam berdi. Ilgari olimlar chegaraning Amudaryo yoki Hisor tog‘i tizmalari bo‘ylab o‘tganini taxmin qilishgan, ammo devor tizimining mavjudligi uning Boysun tog‘larida joylashganligini ko‘rsatadi.

Shunday yo‘l bilan tabiiy to‘siq yaratilgan va ular orasidagi o‘tish yo‘llari umumiy mudofaa tizimiga kiruvchi qal’alar bilan himoyalangan hamda arxeologlar unga Buyuk Baqtriya devori deya nom berishga ulgurishdi ham. Qal’alar zanjiri Amudaryodan 80 kilometr masofaga cho‘zilgan bo‘lib, aloqa uchun gulxan va tutun signallaridan foydalanilgan.

Tadqiqotlar olib borilgan asosiy joy Uzundara darasi va Qora kamar tabiiy tog‘ chegarasi o‘rtasida dengiz sathidan 1700 metr balandlikda joylashgan Uzundara qal’asida olib borilgan.

2018-yilda olimlar qal’a ichidagi harbiy inshootni to‘la ochib, uning batafsil me’moriy rejasini tuzdilar va Baqtriya chegarasida ko‘chmanchilar hujumlaridan himoya qilgan ulkan yaxlit mudofaa devorining bir qismi ekanini isbotlashga muvaffaq bo‘lishdi.

Markaziy Osiyo arxeologik ekspeditsiyasi Baqtriya otryadi rahbari Nigora Dvurechenskayaning aytishicha, Uzundara – olimlarga tanish bo‘lgan yagona erta salavkiylar davridagi sharqiy ellinistik qal’a namunasidir. Yig‘ilgan ma’lumotlarga tayanib xulosa qilinsa, u 150 yil davomida Baqtiriyani himoya qilgan. Arxeologlar uni zabt etish joyida 200 ta kamon o‘qlari uchini, otiladigan jangovar kalta paykonlar va nayzalar uchlarini topishgan.

«Bugun hamma joyda zamonaviy kompyuter yechimlari joriy etilmoqda. Madaniyat vazirligi va «Raqamli ishonch» jamg‘armasining sohada blokcheyn texnologiyasini qo‘llash borasidagi hamkorligi haqida so‘zlab bersangiz.»

Z.Abdullayeva. Buxoro sh.

– 2018 yil 23 noyabr kuni Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armalari va «Raqamli ishonch» o‘rtasida memorandum imzolandi. Ushbu hujjatga ko‘ra, sohaga blokcheyn texnologiyasi loyihasi kiritiladi.

Blokcheyn har qanday faoliyat sohasini o‘zgartirishi va sezilarli darajada soddalashtirishi mumkin. Ko‘pchilik uning chegaralari va imkoniyatlari borasida yetarlicha tasavvurga ega emas. Biroq madaniyatga nisbatan tizimni qanday samaraliroq qo‘llash mezonlari borasidagi tushuncha mavjud. Misol uchun, bu statistika ma’lumotlarga taalluqli. Bizning maqsadli auditoriya - muzeylar, teatrlar, konsert zallariga tashrif buyuruvchilar haqida haqiqiy ma’lumotlarni bilishimiz juda muhim. Ammo bugun bunday imkoniyat mavjud emas. Blokcheyn ma’lumotlarni to‘plash imkonini beradi va barcha axborot tizimlarida qo‘llanila boshlaydi, biroq ma’lumotlar shunday joyga saqlanishi kerakki, ularni chetdan turib, sezdirmay so‘nggi sana bilan o‘zgartirish, boshqarishning iloji bo‘lmasin.

Shuningdek, u chiptalarni onlayn rejimida sotish imkoniyatini beradi, bu esa oxirgi iste’molchiga ko‘proq foydali keltiradi va turizmning rivojlanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Bunda tizim madaniy tadbirlarga chiptalar sotishdan manfaatdor kompaniyalarning ushbu platforma bilan aloqa qilishlari mumkin bo‘lgan tarzda ishlab chiqilishi ham muhimdir.

Yangiliklar Prezidentimizning 2018-yil 26-avgustdagi «O‘zbekiston Respublikasida madaniyat va san’at sohasini innovatsion rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori asosida joriy etilmoqda. Tomonlarning o‘zaro hamkorligi asosiy yo‘nalishlar bo‘yicha amalga oshiriladi: chipta operatsiyalarini hisobga olishning yagona elektron tizimi (ChOHOYaET)ni yaratish, birgalikda ilmiy materiallar tayyorlash, axborot tadbirlari, o‘zaro stajirovkalar va maslahatlashuvlar o‘tkazish, muntazam ravishda ma’lumotlar va tajribalar almashish.

Chiptalarni elektron sotish tizimi dunyoning ko‘plab mamlakatlarida o‘z samaradorligi va shaffofligini isbotladi. O‘zbekistondagi mavjud modelda kamchiliklar mavjud: sotishning past hajmi, «qora bozor», oflayn rejimning ustunligi. Blokcheyn elementlari bilan yagona platformani yaratish mavjud kamchiliklar va ortiqcha chiqimlarni bartaraf etgan holda madaniyat sohasini modernizatsiya qilish imkonini beradi. 

«Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniy meros departamentining asosiy vazifalari nimalardan iborat?»

V.Ivanova. Toshkent sh.

– Madaniy meros departamentining asosiy vazifalariga moddiy madaniy meros, shu jumladan arxeologiya merosi ob’yektlari, muzey ashyolari va kolleksiyalari hamda madaniy boyliklarni muhofaza qilish va ulardan foydalanishga oid qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish; moddiy madaniy meros ob’yektlarining davlat kadastrini yuritish, tarixiy, ilmiy, badiiy yoki o‘zgacha madaniy qimmatga ega bo‘lgan ob’yektlarni aniqlash, ularni hujjatlashtirish va davlat hisobiga olish, moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk ob’yektlari toifalari va qo‘riqlanadigan tegralarini belgilash, shuningdek ulardan oqilona foydalanilishini ta’minlash; tarixiy-madaniy va loyiha-smeta hujjatlarining tarixiy-madaniy qimmati va noyobligiga asrashga doir ekspertizasini amalga oshirish; arxeologik topilmalar davlat katalogining yuritilishi, tadqiqotlar o‘tkazish tartibi va shartlariga rioya etilishi, arxeologik topilmalarni o‘z vaqtida hisobga olish va davlatga topshirish, shuningdek ularni fan, madaniyat va ta’lim muassasalariga biriktirish; milliy muzey fondining davlat katalogini yuritish; olimlar, xalq ustalari, restavratorlar va ekspertlar bilan yaqin hamkorlik o‘rnatish, ta’mirlash ishlarining noyob usullari, an’analari va maktablarini rivojlantirishga ko‘maklashish, jamoat nazoratini amalga oshirish; xalqaro va xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlik, jumladan, grantlar, moliya institutlari kreditlari va xayriya ehsonlarini jalb qilish va yana ko‘p narsalar kiradi.

«Men barcha san’atkorlarga jonli ijro etish majburiyati yuqlatilishi haqida eshitdim, chunki ko‘pchilik o‘z chiqishlarida fonogrammadan foydalanadi. Bugun bu masalani hal etishda qanday ishlar amalga oshirilmoqda?»

D.Zuhurova. Namangan sh.

– Madaniyat vazirligi, shuningdek, «O‘zbekkonsert» davlat muassasasi jonli ijro etuvchi xonandalar, fonogrammadan foydalanilmaydigan konsertlari sonini ko‘paytirishga doimiy e’tibor qaratmoqda.

Shu munosabat bilan 2018-yil 29-sentyabr kuni vazirlik va «O‘zbekkonsert» tomonidan yangi loyiha ishga tushirildi. Poytaxtimizda Xalqlar do‘stligi saroyi oldida taniqli ijrochilar bilan birga yosh xonandalar ham ishtirok etgan jonli ijroda gala-konsert bo‘lib o‘tdi.

Samarali ishlar sirasiga 2018-yil 8-dekabrda O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi qabul qilingani yubileyiga bag‘ishlangan jonli ijroda o‘tkazilgan davlat konsertini kiritish mumkin. Biroq bunday kechalar bugun ko‘plab mashhur artistlarning jonli ijrodan uzoq ekanini ko‘rsatdi. Shundan so‘ng, muayyan talablarga zarurat tug‘ildi.

Jonli qo‘shiq aytolmaydigan qo‘shiqchini to‘la qonli ijrochi deb aytish mumkinmi? Albatta, yo‘q!

Shundan kelib chiqqan holda, 2019-yil 8-fevralda Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida o‘tkazilgan matbuot konferensiyasida «O‘zbekkonsert» davlat muassasasi direktori O.Abduqahhorov jonli chiqishlar haqida rasmiy bayonot berdi. Unga ko‘ra, fonogrammadan foydalanib qo‘shiq kuylaydigan san’atkorlar, bu yildan boshlab konsertlarda 30 foiz jonli ijro eta boshlashadi. Keyin ko‘rsatkich 60, 90 va 100 foizga yetkaziladi. Bunga bosqichma-bosqich erishish kerak. Bugun qat’iy nazorat qilinadigan bunday jarayonda yosh iste’dodlarga ham yo‘l ochiladi.

Bundan tashqari, joriy yildan boshlab litsenziya berilishida har bir xonanda Badiiy kengash tomonidan jonli ijro etish qobiliyati bo‘yicha tekshirib ko‘riladi. Jonli ijro bilan chiqish imkoniyatiga ega iqtidorli yigit-qizlarni aniqlash maqsadida «O‘zbekkonsert» butun respublikadan yosh ijrochilar ishtirok etgan ko‘rik-tanlov tashkil etdi. Badiiy kengash tomonidan saralab olingan ishtirokchilarga Toshkent va viloyatlarda o‘tkaziladigan Navro‘zga bag‘ishlangan an’anaviy bayram tadbirlarida ishtirok etish imkoniyati berildi.

«Yaqin kelajakda sirkni inqirozli vaziyatdan chiqarish uchun qanday chora-tadbirlar ko‘rish rejalashtirilgan (moddiy-texnika bazasi eskirgan, jonivorlarni tayyorlash darajasining yetarli emasligi va ularning sog‘lomligining sustligi, shuningdek xalqaro hamkorlikning past darajasi va kadrlarni o‘qitish hamda tayyorlash tizimining yo‘qligi)?»

V.Petrov.Toshkent sh.

– Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 23-yanvardagi «O‘zbek sirk san’atini yanada rivojlantirish va «O‘zbek davlat sirki» davlat muassasasi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori ijrosi yuzasidan qator tadbirlar amalga oshirildi.

«O‘zbek davlat sirki» rahbariyati tomonidan 2022-yilgacha «Yo‘l xaritasi» ishlab chiqildi. Olmaliq kon-metallurgiya kombinati bilan hamkorlikda «Do‘stlar klubi» faoliyati rejasi tayyorlandi, bu esa moddiy-texnik bazani yaxshilashga yordam beradi. Bizning vazirlikka esa sirkning texnik jihozlari rejasi taqdim etildi.

«O‘zbek davlat sirki» va Respublika estrada-sirk kolleji rahbariyati bilan birga akrobatika, sport gimnastikasi, jonglyorlik va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha yetakchi artist va o‘quvchilar bilan amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazishni nazarda tutadigan hamkorlik shartnomasi tuzildi.

Ayni paytda «O‘zbek davlat sirki»da 65 ta jonivor bor. Har ikki yilda bir marta ularga zarur emlashlar amalga oshiriladi hamda kasalliklarni aniqlash va bartaraf etish tadbirlari o‘tkaziladi.

Kadrlar masalalarini hal etish uchun O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti bilan keyinchalik ishga joylash sharti bilan akrobatika va gimnastika turlari bo‘yicha hamkorlik shartnomasi imzolandi. Bundan tashqari, bir necha xorijlik sirk artistlari ishga qabul qilindi.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech