02 Iyul 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +24,7 °C

Madaniyat
24 Aprel  2020 3355

Yuksak eʼtibor va gʻamxoʻrlik

Sir emaski, bugungi kunda dunyo davlatlari pandemiya sinovini boshidan kechirmoqda. Bu virus oʻz ortidan bir qator iqtisodiy va ijtimoiy muammolarni ham keltirib chiqardi. Natijada jahonning koʻplab rivojlangan davlatlarida iqtisodiy turgʻunlik yuzaga kela boshladi.

Afsuski, pandemiya boʻhronidan yurtimiz ham chetda qolgani yoʻq. Biroq alohida taʼkidlash lozimki, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning shaxsan rahbarligida bu virusning keng tarqalishiga qarshi bir qator qatʼiy choralar koʻrildi hamda aytish mumkinki, uning keng tarqalishini jilovlashga muvaffaq boʻlindi.

Pandemiya sharoiti boʻlsa ham barcha sohalar qatorida sanʼat va madaniyat sohasi ham eʼtibor markazida boʻlib turibdi. Buning yorqin misoli sifatida kuni kecha Prezidentimiz tomonidan imzolangan “Tasviriy va amaliy sanʼat sohasi samaradorligini yana-da oshirishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorni keltirish mumkin.

Ushbu qaror buyuk musavvir va naqqosh Kamoliddin Behzod tavalludining 565-yilligini keng nishonlash bilan bogʻliqligi, milliy tasviriy va amaliy sanʼat istiqbolini belgilab bergani bilan tarixiy ahamiyatga ega, desak mubolagʻa boʻlmaydi.

Qaror asosida, birinchidan, biz buyuk tarixiy shaxs, oʻzbek miniatyura sanʼatining asoschisi Kamoliddin Behzod shaxsiga oʻz ehtiromimizni namoyon etamiz. Buni biz hujjatli film yaratish, musavvir haykalini yangi shaklda bunyod etish, xalqaro ilmiy konferensiyalar oʻtkazish va yana hujjatda nazarda tutilgan bir qancha vazifalar orqali ado etamiz. Ikkinchi tomondan, bu orqali biz xalqimizga, ayniqsa, yosh avlodga Kamoliddin Behzod, uning ijodiy merosi, umuman olganda, yurtimiz tarixi haqida maʼlumot beramiz. Bu esa, oʻz navbatida, yoshlarimizni yuksak vatanparvarlik ruhida tarbiyalashimizda muhim ahamiyatga ega. Bundan tashqari, qarorga muvofiq, yurtimizda tasviriy va amaliy sanʼat, dizayn sohasining rivoji uchun ulkan zamin hozirlangan.

Bu qarorda belgilangan juda koʻplab vazifalar borki, ularning amaliy ijrosi taʼminlanishi natijasida yurtimiz tasviriy va amaliy sanʼati yangi bosqichga koʻtarilishi shubhasiz.

Jumladan, 2020-yil oktyabr oyida buyuk musavvir va naqqosh Kamoliddin Behzod tavalludining 565-yilligini keng nishonlash, uning xotirasini abadiylashtirish maqsadida Toshkent shahrining koʻchalaridan biriga uning nomini berish, buyuk musavvir nomi bilan yuritiladigan Sharq miniatyura sanʼati muzeyi xiyobonining zamonaviy qiyofada qayta tashkil etilishi va uning hududidagi musavvir haykalining bronzaga oʻtkazilishi, “Oʻzbekiston zamonaviy miniatyurasi” katalogining tayyorlanishi kabilardir.

Shuni alohida qayd etish kerakki, qaror asosida Badiiy taʼlim yoʻnalishlaridagi pedagog va mutaxassis kadrlarni qayta tayyorlash hamda ularning malakasini oshirish markazi va oliy oʻquv yurtidan keyingi taʼlim tizimida tayyorgarlik bosqichi sifatida Rassomlik mahorat ustaxonasi (oliy rassomlik kursi) tashkil etiladi.

Oʻzbekiston Badiiy akademiyasining taklifiga binoan, yurtimiz tasviriy sanʼatiga ulkan hissa qoʻshgan atoqli ijodkor Pavel Benkov nomi Respublika ixtisoslashtirilgan rassomlik maktabiga berildi.

Shuningdek, “Ustoz-shogird” va badiiy taʼlim anʼanalarini saqlagan holda oʻqitishning ilgʻor usullarini ishlab chiqish, oʻquv jarayoniga ijodiy ustaxonalar faoliyatini tatbiq etish, chet ellardagi koʻrgazma va muzeylarda saqlanayotgan noyob asarlar bilan yaqindan tanishish, nusxa koʻchirish hamda tajriba almashish maqsadida oliy rassomlik kursi yosh ijodkorlarining ijodiy safarlarini tashkil etish, yurtimiz muzeylari fondlarini yuksak badiiy qiymatga ega boʻlgan tasviriy sanʼat asarlari bilan muntazam boyitib borishga koʻmaklashish kabi qator vazifalar ham belgilab berildi.

Mazkur qarorda yosh ijodkorlar uchun ulkan imkoniyatlar yaratadigan vazifalarga ham alohida urgʻu berilgan. Xususan 2020/2021 oʻquv yilidan boshlab oliy taʼlim muassasalarida tasviriy va amaliy sanʼat hamda dizayn yoʻnalishida taʼlim olayotgan talabalar uchun Kamoliddin Behzod nomidagi davlat stipendiyasi taʼsis etilmoqda. Bu esa, oʻz navbatida, ushbu yoʻnalishda tahsil olayotgan talaba yoshlarning ijodiy intilishlarini, yangilik yaratishga boʻlgan saʼy-harakatlarini ragʻbatlantirib, kelajakda yetuk kadr boʻlib yetishishlari uchun poydevor boʻlib xizmat qiladi.

Bundan tashqari “Kamoliddin Behzod izdoshlari” miniatyura va xalq amaliy sanʼati asarlari ijodiy tanlovining hamda Kamoliddin Behzod va uning izdoshlari asarlari, xattotlik sanʼati namunalari, zamonaviy miniatyura asarlari koʻrgazmasi hamda ilmiy-amaliy konferensiyasining oʻtkazilishi ham yosh ijodkorlar uchun ijodiy imkoniyatlarini namoyon etishlari hamda xalqaro tajriba orttirishlari uchun zamin yaratadi.

Eng quvonarli jihatlardan biri shuki, endilikda mamlakatimizda rassom, haykaltarosh, amaliy sanʼat ustalari, sanʼatshunos, muzeyshunos va dizayner kadrlar tayyorlaydigan yagona oliy taʼlim muassasasi hisoblanmish Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutining moddiy-texnik bazasi yana-da mustahkamlanib, zamonaviy qiyofa kasb etadigan boʻldi.

Qarorda 2021-yil va keyingi yillarga moʻljallangan investitsiya dasturida institutning asosiy binosi atrof hududida qoʻshimcha oʻquv binosi va zamonaviy axborot-kutubxona markazi, koʻrgazmalar galereyasini oʻz ichiga qamrab oluvchi yordamchi bino qurish nazarda tutilgan boʻlib, bu ham ijodkorlar-talabalarning taʼlim tarbiya olishlari, yetuk kadr boʻlib yetishishlari uchun muhim omil boʻlib xizmat qiladi.

Bir soʻz bilan aytganda, qarorda Kamoliddin Behzodning boy ijodiy merosini xalqimizga toʻla yetkazish, kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish hamda yana bir qancha baddiiy taʼlim rivojini aks ettiradigan masalalar keng qamrab olingan.

Bugungi kunda yurtimizda barcha sohada tub burilishlar hamda oʻzgarishlar kuzatilmoqda. Shular qatori madaniyat va sanʼat sohasi hamda uning tarkibiy qismi boʻlgan badiiy taʼlim sohasining ham bu oʻzgarishlardan nafaqat chetda qolmayotgani, balki prezidentimizning doimiy eʼtibor va gʻamxoʻrliklari ostida yana-da ravnaq topib borayotgani kishini quvontiradi.

Albatta, bu gʻamxoʻrlik va eʼtibor oʻz samarasini beradi. Oʻzbek sanʼati va madaniyati yana-da rivojlanib, yuksak marralarni zabt etishda davom etadi.

Nodirbek Sayfullayev,
Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy
rassomlik va dizayn instituti rektori,
tarix fanlari nomzodi, dotsent

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech