24 Avgust 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +23,3 °C

Ijtimoiy hayot
18 Iyul  2019 2805

Ilm-ma’rifatli ayol – jamiyatning taraqqiyot yo‘lidir

Barcha zamonlarda ayollar o‘z huquq va erkinliklarini himoya qilishga majbur bo‘lishgan. Ta’lim olish, hech qanday cheklovlarsiz martabalarga erishish imkoniyatini qo‘lga kiritgandan so‘ng ham go‘zal jins vakillari hali-hamon ijtimoiy eskicha qarashlar, ayollar faqat oila uchun, deya ochiqdan-ochiq aytuvchi odamlar bilan yuzma-yuz kelmoqda. Kimgadir bu to‘g‘ri keladi, boshqasi jamoatchilik fikriga qarshi chiqadi, uchinchilari esa beixtiyor gapini sariq chaqaga ham olishmaydigan sharoitga tushib qoladi. Ular allaqachon bunday qismatga ko‘nikishgan, lekin bu bilan azob-uqubatlar tugab qolsa ekan. Itoatkorlik - sharq mamlakatlarida jumladan, bizda ham, juda qadrlanadigan sifat. Bu ko‘pincha qiz shaxsiyatining rivojlanishni to‘xtatadi va ba'zan hayotini barbod qiladi ham.

Vahshiyona hodisa, bunga o‘zgacha so‘z ham topib bo‘lmaydi, iyul oyi boshida Surxondaryo viloyatining Denov tumanida sodir bo‘ldi. Qiz o‘zi tuqqan chaqalog‘ini mahalliy bozordagi jamoat hojatxonasiga tashlab ketdi. Yaxshiyamki, undan keyin kelgan ayol, chaqaloq yig‘isini eshitib, qolganlarni yordamga chaqirgan. Xullas, chaqaloq qutqarildi. JKning 25-moddasi orqali 99-modda (yangi tug‘ilgan chaqaloqning onasini tomonidan qasddan o‘ldirishga urinish) bilan jinoyat ishi ochilgan.

Xuddi shunday holat o‘tgan yili ham Namangan viloyatining Norin tumanida sodir bo‘lib, fermer xo‘jaligi hojatxonasida yollanma ishchi ayolning ko‘zi yorigan. Chaqaloq chinqirig‘ini eshitgan bog‘bon uni qutqarib qolgan.

Mamlakatimizda xotin-qizlarning ijtimoiy, siyosiy va iqtisodiy hayotidagi roli hamda faolligi va tashabbuskorligini oshirish, turli soha va tarmoqlarda o‘zini namoyon etishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, ularning qonuniy huquq va manfaatlariga rioya etilishini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarni ta'kidlab o‘tish joiz. Mustaqillik yillarida bu borada muvaffaqiyatlarga erishdik, me'yoriy-huquqiy baza mustahkamlanmoqda. O‘zbekistonda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan yuzga yaqin milliy va xalqaro huquqiy hujjatlar qabul va ratifikatsiya qilindi. Ularga rioya qilish kafolati Konstitutsiyadir. Har yili maxsus davlat dasturlari tasdiqlanib, ular doirasida yurtdosh ayollarimizning turmush sharoiti va sifatini yaxshilash bo‘yicha izchil ishlar olib borilmoqda. Lekin muammolar hali hamon mavjud. Huquqiy savodxonlik va onglilik darajasi past. Denovda sodir bo‘lgan voqealarga o‘xshash holatlar uchrab turadi. Amalga oshirilayotgan ma’rifiy ishlar har doim ham o‘z samarasini bermayapti. Ko‘pincha ba'zi ayollar yaqinlari, turmush o‘rtog‘i va ota-onasi ham shu jumladan, tomonidan shunaqa qo‘rqitib qo‘yiladiki, o‘z huquqlarini himoya qilishga jur'at ham qilolmay qolishadi. Ayollar aksariyat hollarda uydagi zo‘ravonlik izlarini kutilmaganda yiqilib tushgani bilan izohlashadi, turli vaj-karsonlar ko‘rsatib, o‘ziga  qo‘l ko‘targanlarni himoya qilgan holatlari ham ma’lum.

O‘tgan yilning fevral oyida Prezidentimiz xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash faoliyatini tubdan takomillashtirishga qaratilgan qarorga imzo chekdi. Hujjatda og‘ir turmush sharoitiga tushib qolgan ayollarni o‘z vaqtida aniqlash, ularni ishga joylashtirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlarni amalga oshirish, xotin-qizlar o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikni samarali profilaktika qilish, shu jumladan, ularning huquqiy madaniyatini oshirish va ma’naviy-axloqiy qadriyatlarini mustahkamlash bo‘yicha aniq vazifalar belgilangan. O‘zbekiston xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Elmira Basitxonova ushbu masalalar qanchalik muvaffaqiyatli amalga oshirilayotganini aytib o‘tdi:

– Har kuni ommaviy axborot vositalaridan shafqatsizlik va zo‘ravonlik holatlari haqida bilib olamiz. Afsuski, zamonaviy dunyodagi odamlar tobora tajovuzkor bo‘lib bormoqda. Denov shahrida sodir bo‘lgan hodisa haqida qizg‘in munozaralar va darg‘azablik bilan qoldirilgan izohlar bundan aholining larzaga tushganini aks ettiradi. Bunda turli omillarni ham hisobga olish kerak. Ma’lum bo‘lishicha, oilada oltita farzand – ikki o‘g‘il va to‘rt qiz bo‘lgan. Qiz o‘rta ma’lumotga ega. Otasi ishlashga ruxsat bermagan, shu bois uy yumushlari bilan band bo‘lgan. U bitta mahallada yashaydigan yaqin qarindoshi tomonidan zo‘rlangan. Buni onasidan tashqari, boshqa hech kim bilmasdi. Odamlar oldida sharmandasi chiqishidan qo‘rqib, dahshatli qarorni qabul qilishgan, ya’ni yangi tug‘ilgan chaqaloqni hojatxonada qoldirishga.

Bunday vaziyatlarda odamlar ko‘pincha yoshlarni, xususan, qizlarni, mahallani, ota-onalarni, tarbiyalashga mas’ul tashkilotlarni ayblashadi. Biroq biron kishi u erkak tufayli shunday vaziyatga tushib qolganini tilga olmaydi. Mas’uliyat hamisha ayol zimmasiga tushadi va bu adolatdan emas.

Albatta, bunday xatti-harakatni oqlab bo‘lmaydi, biz faqat jamoatchilikni birgina qiz aybdor emasligini qabul qilishga chaqiramiz. Erkak kishi ham otalikning jiddiyligini tushunishi kerak. Denov shahrida sodir bo‘lgan fojia zamirida bilimsizlik, axloq borasida hech qanday tushunchalarga ega bo‘lmaslik yotadi. «U o‘z xohishi bilan jinsiy yaqinlikka rozi bo‘lgan» yoki «u voyaga yetgan-ku?!», degan gaplar bilan ayolga nisbatan qilingan zo‘ravonlikni oqlab bo‘lmaydi.

Shubhasiz, ilm-ma'rifatli ayol – jamiyatning taraqqiyot yo‘lidir, chunki aynan u bolalarni tarbiyalaydi va ularning ongi, dunyoqarashi, bilim darajasini shakllantiradi. Ilm-ma’rifatli ayol avvalo, oilaning boyligi sog‘lom va o‘qimishli avlodda ekanini tushunadi, ta’lim va tibbiyotga pul sarflab, ularning farovon kelajagiga o‘ziga xos sarmoya kiritadi. Zamondosh ayol ijtimoiy-siyosiy jarayonlarni tushunishi, mamlakat va dunyoda sodir bo‘layotgan voqea-hodisalarga to‘g‘ri baho bera olishi lozim.

Ma’lumki, milliy an'analar, qadriyatlar va urf-odatlar tarbiyada muhim o‘rin tutadi. Tabiiyki, ota-onalar ularni keyingi avlodga yetkazish uchun mas’uldirlar. Bu ham, xuddi muammolar kabi birgina onaning emas, balki otaning ham yelkasiga tushadi. Ota-ona qiziga o‘rgatishi kerak bo‘lgan eng muhim narsalar bu – to‘g‘ri va shirin muloqot qila olish, kerak bo‘lganda gapirish va tinglash, kulish va xafa bo‘lish qobiliyatlari, o‘zini namoyon etish va rivojlanishdir. Afsuski, bolalariga mutlaqo e’tibor qaratmaydigan ota-onalar ham ko‘plab topiladi. Boshqalari esa haddan tashqari kuchli nazorat va cheklovlari bilan bosim o‘tkazadi, bu ham o‘ta jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Ko‘pincha bunday kuchli bosim ta’sirida o‘sgan qizlar mustaqil qaror qabul qila olmaydi, negaki biror ishni o‘xshata olmay qolish vahimasi ularni ta’qib etadi.

Mustaqillik davrida mamlakatimizda yuz bergan tub o‘zgarishlarga qaramasdan, naslni davom ettirish vazifasi ustuvor degan fikrdagi ko‘pchilik O‘zbekiston xotin-qizlarini faqat oila bilan bog‘lashda, davom etmoqda. Bunday «andaza»ni qo‘llash, zamondosh ayollarning o‘zini takomillashtirishda zarur bo‘lgan ko‘nikmalarni ulkan muvaffaqiyatlar bilan hosil qilayotganining haqiqiy manzarasini ko‘rishga to‘sqinlik qiladi. Ishlaydigan ayollar endi istisno emas, balki qoida hisoblanmoqda.

Xotin-qizlar qo‘mitasi chaqalog‘ining o‘lishini istab, tashlab ketgan qizning harakatlarini mutlaqo oqlamagan holda, shu hodisa sabab ochilgan ish natijalari e’lon qilingandan so‘ng unga va uning oilasiga zarur ma’naviy qo‘llab-quvvatlashni o‘zining asosiy vazifasi sifatida ko‘radi. Qiyin hayotiy vaziyatlarda yordam beradigan biror universal vositani aytish mushkul, albatta. Hammavaqt ham onaning bolasiga nisbatan shafqatsizlikka moyilligi borligini oldindan aniqlab bo‘lmaydi. Ba'zan u muammolarini o‘zi hal qila olmaydi yoki buni istamaydi va, barcha omadsizliklarning sababi deya, bor qahr-g‘azabi, tajovuzkorligini farzandiga yo‘naltiradi.

Bir kuni esa bunday tajovuzkorlik fojiali cho‘qqiga yetadi. Bunga yo‘l qo‘ymasligimiz kerak va kelgusida bunday holatlarning oldini olish uchun o‘z vaqtida choralar ko‘rish lozim.

Qo‘mita tomonidan oilaviy va shaxslararo nizolarning barvaqt oldini olish, o‘z joniga qasd qilish xatti-harakatlarini, oila va jamiyatda ma'naviy-axloqiy muhitga salbiy ta'sir ko‘rsatadigan boshqa holatlarni keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan depressiv vaziyatlar, shuningdek, bu jarayonda keng jamoatchilikning faol ishtirokini ta’minlash borasidagi ishlar kuchaytirildi. 1146 qisqa raqamiga ega bo‘lgan «Ishonch telefoni» ishga tushirildi, bu yerda zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan ayollar, jumladan, anonim tarzda, yordam olishlari mumkin. Bunday shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazlari va o‘z joniga qasd qilishning oldini olish markazlari tashkil etilmoqda. Respublikada hamyurtlarimizga huquqiy, psixologik va ijtimoiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha 160 markaz faoliyat ko‘rsatyapti. Bugun ularga yetti mingdan ziyod ayol murojaat etgan. Ularda yana hayotga umid uyg‘otishga, farovon va barqaror kelajakka bo‘lgan ishonchni kuchaytirishga harakat qilyapmiz. Boshqalar uchun ko‘plab o‘zga omillar mamlakatdagi tinch-osoyishta muhit, jamiyatdagi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatning barqarorligi, yaqinlarning farovonligi, sevimli ish bilan shug‘ullanish imkoniyati ham kiradi.

- Surxondaryo viloyatida yuz bergan voqea - butun jamiyatning fojiasi, - deydi oila psixologi Diana Pavlovicheva. - U ko‘plab ijtimoiy muammolarni ochib berdi. Buning sababi, nafaqat ayollarning itoatkorligi va kamtarligi haqidagi eskicha tushunchalar va talablardir. Gap shundaki, ayollar uchun bunday qoidalar va taqiqlar erkaklarnikiga qaraganda ancha ko‘p. Biror kimsa ayolning itoatkorligi va o‘zini past tutishi qo‘rquvdan emas, balki turmush o‘rtog‘iga bo‘lgan kuchli hurmatdan bo‘lishi lozimligini ularga tushuntirmasa ham kerak. Har qanday psixologik bosim shaxsga yemiruvchi ta'sir ko‘rsatadi. Biz ko‘rib chiqayotgan misolda, ayolning onalik instinkti o‘lgan va bu faqat bitta oila uchun xavfli emas, balki butun jamiyatning muammosidir. Farzand jamiyat va davlat uchun eng bebaho boylikdir. Boshqa tomondan to‘qqiz oy davomida zo‘ravonlikning samarasini qornida ko‘tarib yurib, o‘lishi uchun o‘z qo‘llari bilan tashlab yuborgan qizning dahshati va qo‘rquvini tasavvur qilish juda qiyin. Ushbu harakatni amalga oshirayotib, u bola bilan o‘zini oilaga qabul qilmasliklarni tushungan, shu bois ham zurriyodini tashlab yuborgan.

Asrlar mobaynida ayol har doim ota, er va o‘g‘ilning himoyasida bo‘lishi kerakligiga ishonishgan, ammo bugun ba’zi erkaklarning oila mas’uliyatini zimmasiga olmay qo‘yayotganini ko‘ramiz. Natijada, boshqa qizlar himoyasiz qoladi, yaqinlari va jamiyatga ishonmay qo‘yadi, psixologga murojaat qilish esa mutlaqo xayollariga ham kelmaydi.

- Jamiyat allaqachon fojianing barcha ishtirokchilarini qoraladi, - deydi psixolog. - Boshqalar ularni tushuna olmasliklari mumkin, va umuman, biror kimsa yosh, himoyasiz va zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan ayolning nega bunday qilgani borasida o‘ylab ham o‘tirmasa kerak. Shafqatsizlik, befarqlik, loqaydlik va har qanday axloqiy va ma’naviy qadriyatlarning yo‘qolishi zamonaviy dunyoda ko‘p uchraydigan hodisalardir hamda ular shaxs va jamiyat tanazzuliga olib keladi. Kimdir: «O‘zing aybdorsan!», desa, boshqasi afsuslanadi, uchinchisiga esa hammasi baribir. Ba’zi qizlar ochiqchasiga o‘zini rivojlantirishga intilmaydi. Bolaligidan boshlab singdiriladigan ertaroq turmush qurish va farzandlar ko‘rish g‘oyasi ongini to‘la qamrab oladi va har qanday taraqqiy etishga bo‘lgan harakatni tormozlashtiradi. Ular buni istaydimi-istamaydimi bu hayotda bundan ortig‘iga qodir emasliklariga ishona boshlaydilar. Davlatimiz yoshlarni har tomonlama rivojlantirish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solayotgan bir paytda, o‘rganish va bilim olishni istaganlar uchun katta istiqbollar ochilayotganiga qaramay, yosh ayollarning ko‘p qismi faqat oilaviy hayotni orzu qiladi.

Insonning o‘zi barcha harakatlarida shaxsiy mas'uliyatini his etishi muhimdir. Bu uydayoq o‘qitilishi lozim, chunki jamiyat oilalardan shakllanadi. Agar har bir kishi masuliyatni o‘z zimmasiga olsa va bolalariga ham o‘rgatsa, jamiyat sog‘lom va kuchli bo‘ladi. Ayollar va bolalarni himoya qilish mexanizmlarini hozir, eski an’analar yangilariga almashayotganda, o‘rnatish muhim. Ular birinchi navbatda o‘zini qadrlash va hurmat qilishni o‘rganishi kerak. Jamiyatning esa ularni ayblashdan to‘xtaydigan vaqti keldi. Shunda qurbon atrofidalar o‘zini muhokama qilmasligini va aksincha, himoya qilishga tayyorligini tushunsa, u yordam qidira boshlaydi.

Bu yo‘nalishda omma ongini o‘zgartirish uchun nima zarur? Ta'lim muassasalarida oilaviy psixologiya darslarida bolalarga jinslarning o‘zaro munosabatlari tabiatini tushuntirish, bir-biriga hurmatni uyg‘otish, ayolni qadrlashni o‘rgatish kerak, negaki aynan u, jamiyatning kelajakdagi a’zosiga hayot ato etadi.

Yevgeniya Yun.

«Pravda Vostoka».

«Pravda Vostoka» gazetasining 2019-yil 18-iyuldagi 143-sonida «Jenskie sudbы: ne opravdыvaya, no zaщiщaya» sarlavhasi bilan nashr etilgan.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech