19 Noyabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +7,5 °C

29 Iyul  2019 993

Bu yog‘iga ham bo‘sh kelmang, xursand etavering!

Paralimpiyachilarimizdan hozirgi kunga qadar faqat Server Ibragimovgina o‘q otish bo‘yicha Paralimpiada-2020 uchun chiptaga buyurtma berish huquqini saqlab qolmoqda. Taekvondo sport turi bilan shug‘ullanadigan jismoniy imkoniyatlari cheklangan bolalar ham unga qo‘shilishga yaqin turishibdi. Ular Iordaniyada bo‘lib o‘tgan Osiyo chempionatida 32 ta mamlakatdan tashrif buyurgan 300 sportchi orasida o‘zlarini munosib ko‘rsata olishdi.

75 kg.gacha bo‘lgan grossmeysterlar vaznida Aziz Marasulovga teng keladigani topilmadi. Yakkaolishuvning ushbu vazn toifasida odatda o‘ta tezkor va chaqqon, og‘ir vazn toifasidagi kabi kuchli va o‘ta mahoratli sportchilar ishtirok etadi. Shu bois ham bunday universal jangchilardan ustun kelish, ayniqsa, sharafli.

Xorijiy ekspertlarning fikricha, Aziz taekvondodagi barcha eng yaxshi narsalarni namoyish eta olgan. Sportchining taktik zaxirasida nafaqat klassik usullar, balki uning o‘ziga xosligini yaqqol ko‘rsatib turuvchi shaxsiy usullari ham mavjud. Bunga Marasulovning mehnatsevarligi, jasorati va jangovor fazilatlarini qo‘shing. Bir so‘z bilan aytganda, yigit «oltin»ga tasodifan erishgani yo‘q.

Murabbiylar Sanjar Muxtorovning birinchi emas, balki shohsupaning ikkinchi o‘rinidan joy olganini  raqobat tajribasining yetishmagani bilan bog‘lashmoqda. «Bu yigitimiz ko‘prog‘iga munosib edi», deyishadi ular. Finalda o‘zbekistonlik yigit faqat musobaqa mezboni, mahalliy muxlislar tomonidan jazavaga tushib qo‘llab-quvvatlangan, agar ochiq aytsak, hakamlar ham unga nisbatan ko‘proq xayrxoh bo‘lishdi, iordaniyalik paralimpiyachiga imkoniyatni boy berdi.

Qizlarimizdan Guljonoy Naimova va Ziyoda Isoqova O‘zbekiston terma jamoasining umumiy hisobiga yana ikkita mukofotni qo‘shib qo‘yishdi. Ular bronza medallarini qo‘lga kiritishdi. Qit’a chempionatining debyutantlari uchun yaxshi natija va kelgusidagi yuqori yutuqlar uchun zina vazifasini ham o‘taydi.  Guljonoy va Ziyoda ham Paralimpiada ishtirok etishga haqqoniy talabgorlar orasida. Ta’kidlash joiz, bunday muhim va nufuzli musobaqada bizning taekvondochilarimiz hali qatnashmagandi.

Olimpiada ballariga erishish uchun

Velosipedchi Olga Zabelinskayaning harakatchanligiga qoyil qolasiz. Aprel oyida O‘zbekistonda ilk marotaba tashkil etilgan Osiyo chempionatida avtomobil yo‘lidagi poygani eng yaxshi natija bilan yakunlab, Tokio (Yaponiya)ga Olimpiada o‘yinlarida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi. Endi to‘rt yillikning asosiy musobaqalari boshlanishiga tayyorgarlik doirasida xalqaro turnirlarda faol ishtirok etmoqda.

«Pravda Vostoka» uning Osiyo va Yevropada trassalaridagi muvaffaqiyati haqida bir necha bor xabar bergan edi. U yaqinda okeanortida, Aydaho shtatida (AQSh)dagi musobaqada ikkinchi o‘rinni egalladi. Hozirda u allaqachon Eski dunyoda. Shveytsariyada professionallar o‘rtasida g‘olib bo‘ldi. Eslatib o‘tamiz, Olga shosseda ham, treklarda ham birday muvaffaqiyatli chiqish qiladi.

Italiya Gran-pri turnirida kumush medalni qo‘lga kiritgan velosport faxriysi Murodjon Xolmurodov ham Olimpiada ochkolarini yig‘ishda davom etmoqda. Agar yetarli reyting ochkolarini qo‘lga kiritsa, u o‘z sport faoliyatidagi ikkinchi Olimpiada o‘yinlarida ishtirok etadi.

Faqat miqdori ko‘proq

Olimpiada-2020 da ishtirok etishga talabgor dzyudochilarning jahon reytingi e'lon qilindi. Agar uch oy avval ushbu reyting jadvaliga o‘n nafar o‘zbekistonlik kiritilgan bo‘lsa, hozir ular soni o‘n oltitaga yetdi. Ularga madhiya aytib o‘tirmaymiz. Negaki, baribir miqdor sifatga aylanmadi. Hozircha bo‘lajak olimpiada ishtirokchilari ro‘yxatida faqat besh nafar vatandoshimiz bor, ammo ular oltita edi.

60 kg.gacha bo‘lgan vazn toifasida Sharofiddin Lutfullayev o‘z o‘rnini saqlab qoldi.  U - sakkizinchi o‘rinda. Yuqoriga ko‘tarilmadi, lekin pastga tushmadi ham.  Ammo uning terma jamoadagi safdoshlari - Komron Nurillayev va Diyorbek O‘rozboyevlar Tokioga safar qilish uchun asosiy nomzodlar hududidan tashqarida. 45-chi, 49-chi o‘rinlarda borishmoqda. Hech qanday keskin rivojlanish yo‘q.

66 kg.gacha vazn toifasida Olimpiada yo‘llanmasi uchun Sardor Nurullayev (21-o‘rin) va Shahram Asadov (24-o‘rin)lar o‘zaro raqobatlashmoqda. Agar Shahram ikki bandga ko‘tarilgan bo‘lsa, Sardor besh qator pastladi.

O‘rtacha vaznda Hikmatillo To‘raev (10) imkoniyatlarini sezilarli darajada oshirdi. Qator Gran-pri va «Katta dubulg‘a» turnirlarida muvaffaqiyatli qatnashganidan so‘ng, birdaniga olti qadam ilgarilashga muvaffaq bo‘ldi. Jamoaning ikkinchi raqamli sportchisi G‘iyos Boboyev undan ancha ortda qolgan – 50-o‘rin.

Sharofiddin Boltaboev (34) hozircha faqat qit'a kvotasiga da’vogarlik qilmoqda.  Ehtimol, yarim og‘ir vazn toifasida dzyudochilarimizdan hech biri Jahon o‘yinlariga bora olmasa kerak. Davlat Bobonov esa 61-o‘rinda. Ammo og‘ir vazn toifalaridagi sportchilarmiz olimpiada yo‘llanmasini qo‘lga kiritishiga umid bor. Muhammadkarim Xurramov (24) va Bekmurod Oltiboyev (6)lar barqaror faoliyat namoyish etishmoqda.

Qizlarimiz - Diyora Keldiyeva va Gulnoza Matniyozovalar birinchi marta diqqat markaziga tushdilar. Lekin ular o‘z vazn toifalaridagi yetakchilardan ancha ortda qolgan. Masalan, Diyora 553 ball to‘plagan (36-o‘rin) va Yaponiyadagi Olimpiada favoriti hisoblanayotgan Uta Abe 2550 ball to‘plagan. Gulnoza (33) esa yaponiyalik dzyudochi Saki Niizoedan taxminan shuncha ortda qolmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 2020-yilgi Olimpiada o‘yinlari ishtirokchilarining yakuniy tarkibi kelgusi yil 25 mayda aniqlanadi.

Umidlar oqlanmadi

So‘nggi yillarda ilk bor O‘zbekiston terma jamoasining o‘n to‘rt nafar a'zosi Budapeshtda (Vengriya) bo‘lib o‘tgan qilichbozlik bo‘yicha jahon chempionatida ishtirok etdi.

Faqat to‘rt nafar vatandoshimiz shaxsiy birinchilikda guruh to‘sig‘idan o‘ta oldi. Pley-off bosqichiga qadar murabbiylar katta umid bildirayotgan termaning yangi a’zosi Paola Pliego, qilichbozlar Oleg Sokolov, Malika Hakimov va Yana Alborovlar yetib bora olishdi. Ular milliy terma jamoa yetakchilari hisoblanadi.

Qilich va shpaga bo‘yicha jamoaviy turnirlar ham o‘zini oqlamadi. Ayollar jamoasida Sevinch Ismoilova, Zaynab Dayiboyeva, Yana Obinseva va Paola Pliegolar o‘zini ko‘rsata olishmadi. Xuddi shunday Oleg Sokolov, Fayzulla Alimov, Javohirbek Nurmatov va Roman Aleksandrovlardan iborat erkaklar to‘rtligi chekiga tushgan mag‘lubiyatni ham muvaffaqiyatsiz qur'a tashlash bilan oqlab bo‘lmaydi. Ular guruh bosqichida qoqildilar.

Ta’kidlab o‘tamiz, ushbu mundialda nafaqat medallar, balki Olimpiada reyting ochkolari ham o‘ynaldi.

Timur Nizayev.
«Pravda Vostoka» sharhlovchisi.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech