18 Iyul 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +25,8 °C

6 Mart  2019 3708

Imkonsizlikni yengib, dunyoni ko‘rgan sportchi qiz

...Forumlar uyi yoniga hashamatli limuzin sekin kelib to‘xtadi. Haydovchi odob-nazokat bilan eshikni ochdi.  Qizil gilam to‘shalgan yo‘lakka kichkinagina qiz tushib keldi. Ajoyib ko‘ylakda, sochi chiroyli turmaklangan. Zinadan yurib emas, balki havoda suzib ko‘tarilganday bo‘ldi. Roza Qo‘ziyeva paralimpiyachilar ichida yilning eng yaxshi sportchisi, deya tan olindi.

– Bu kiyimda shogirdimni taniy olmadim, – deydi mukofotni topshirish marosimida Pauerlifting bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Fazliddin Umirzoqov. – Rozaning jamoadagi dugonalari Muslima Muzaffarova va Shahzoda Mamadaliyevalar bilan bir xonaga qamalib olishib, nimalarnidir qilishayotganidan xabarim bor edi, albatta. Hatto, ular Forumlar uyigacha kuzatib borishimizga ham rozi bo‘lishmadi.

– Chindan ham hayratdaman, – davom etdi Fazliddin Umirzoqov. – Aftidan bu, qizlarning boshqalar anglay olmaydigan siri, shekilli. Bu kecha unga qarab turib, bolalikdagi kasallik zo‘rayishi sabab Rozaning nogiron bo‘lib qolganiga hech kim ishonmasa kerak.

Kichkinaligida oqsashi sababli tortinib o‘tirmagan, tengdosh dugonalari kabi bo‘lmasa ham yugurgan, sakragan. Ulardan qolib ketardi, ammo jon-jahdi bilan ularga yetib olishga intilardi.

Murakkab o‘smirlik yoshida o‘z qobig‘iga o‘ralib oldi. Hech kimni yoniga yo‘latmasdi. Boshqalarga o‘xshamasligini bilardi. Tez-tez maktabdagi o‘qishini qoldirardi. «Bunday yurishga uyalyapman, keyin menga achinib qarashlarini istamayman», derdi quyilib kelayotgan ko‘z yoshlarini zo‘rg‘a jilovlab.

Ota-onasi, yaqinlari tashvishga tushib qolishdi. Unga ko‘proq e’tibor qaratishga urinishardi. Bir kuni Xivadagi og‘ir atletika seksiyasida shug‘ullanadigan ukasi, o‘zi bilmagan holdami yoki ataydanmi, uni pauerlifting musobaqasiga olib bordi. Unda imkoniyatlari cheklangan yigitlar va qizlar ham chiqish qilishdi.

O‘n uch yoshli qizaloqning ko‘zlarida o‘t chaqnadi. O‘zgardi. Ukalari bilan ertalab turib, hovlida mashq qila boshladi, toshlar ko‘tarishga tushdi. Seksiyaga juda-juda qatnashgisi kelardi. Maqsadiga erishdi ham. Uni qabul qilishdi. 42 kilogramm vaznga ega bo‘la turib 31 kilogrammlik shtangani ko‘tara oldi. 14 yoshida shaxsiy rekord va Xorazm viloyati birinchiligida g‘alaba! O‘zidan yoshi kattaroq qizlarni ham ortda qoldirgan.

So‘ng qizaloq murabbiylarning nazariga tushdi. Toshkentga o‘quv-mashq yig‘iniga taklif etishdi. Ammo ota-onasi rozi bo‘lishmagan. «O‘zi Urganchda bor-yo‘g‘i bir-ikki marta bo‘lgan, xolos. Poytaxtga qanday boradi? Uydan hech qayoqqa chiqmagan qiz bo‘lsa», degandi onasi. Darrov boshini quyi solgan Rozani ko‘rgan otasi rozi bo‘ldi.

– Boshida qiynalganman, – eslaydi Qo‘ziyeva. – Qadrdon uyi, yaqinlaridan uzoqda bo‘lish oson emas ekan. Boz ustiga yuklamalar ham borgan sari oshirib borilardi. Ilgari bajonidil shug‘ullangan bo‘lsam, bora-bora shtangaga har bir yaqinlashish azobga aylandi. Shunda xizmat ko‘rsatgan murabbiy, terma jamoa menejeri Daniil Kim menga: «Agar yuqori natijalarga erishishni istasang, charchoq nimaligini bilmay ishlashing kerak. Sen iste'dodli qizsan, ammo birgina iste'dodning o‘zi bilan uzoqqa borib bo‘lmaydi», degandi. To‘g‘ri aytilgan gap, boz ustiga tez dugonalashib ketgan Shahnoza Mamadaliyeva va Muslima Muzaffarovalar ham tishini-tishiga qo‘yib shug‘ullanayotganini ko‘rardim. Ikkoviyam uzoqdan, Namangan viloyatining Yangiqo‘rg‘on tumanidan kelishgan. Biroq nimaga intilishayotganlarini bilishardi. Xalqaro arenalarda ham chiqishgan, sovrinlarni qo‘lga kiritishgan.

Roza ham xuddi talab qilinganidek, kundaligiga qaydlar yoza boshladi. Tonnalarga aylanadigan bir kun, hafta, oy davomida ko‘tarilgan kilogrammlarni yozib bordi. Va natija – rasmiy musobaqalarda shaxsiy natijalariga hech bir mubolag‘asiz grammlar qo‘shildi.

Birinchi muhim natijalari: o‘n to‘qqizga kirganida yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatining bronza medalini qo‘lga kiritdi. Keyin Birlashgan Arab amirliklari va Meksikada o‘tkazilgan Jahon kubogi shohsupalarining uchinchi va ikkinchi pog‘onasiga ko‘tarildi. Yaponiyada o‘tkazilgan Osiyo va Okeaniya chempionatida g‘olib bo‘ldi va 55 kilogrammlik vaznda rekordchiga aylandi. Yotib ko‘tarishda u 115 kilogrammlik shtangani o‘ziga bo‘ysindirdi. Keyin Fransiyada o‘tkazilgan Yevropa ochiq birinchiligida kumush medalga sazovor bo‘ldi, Braziliya va Vengriyada omadga erishdi. Safarlar geografiyasi juda keng. U imkonsizlikni yengib, dunyoni ko‘rdi.

Shunday qilib, Qo‘ziyeva o‘z maqsadi sari qadamma-qadam yaqinlashardi. Maqsad esa Indoneziyada o‘tkaziladigan Paraosiyo o‘yinlarida g‘olib bo‘lish. Jakartada 120 kilogrammlik shaxsiy natijasini takrorlay olmagan bo‘lsa-da, Vataniga chempion bo‘lib qaytdi, raqiblarini katta zaxira bilan ortda qoldirgandi.

– Buning uchun, albatta, murabbiylarimdan minnatdorman, – deydi Roza. – Dugonalarim bilan uyida salkam ikki yil yashagan va mashq qilgan Vladimir Kimdan ham minnatdorman. Ota-onam ham kelishganda mashq qilish uchun bunday sharoitni yaratib bera olmasliklarini aytishgan. Fazliddin Umirzoqov ham bizni o‘z qizlariday ko‘radi. O‘ziga xos xo‘jalik mudiri ham hisoblangan murabbiy Islom Abdurasulov bizni qo‘lida ham ko‘targan. Sportzalga borish uchun avtomobilga mustaqil o‘tira olmasdik. Yoki masalan, yevropa ochiq chempionati o‘tkazilgan Fransiyaning Berk-syur-Mer shahrida biz uchun shvedcha stol tashkil etilgandi. Qo‘ltiqtayoqlarda yoki nogironlar aravachasida u yoki bu taomni olib bo‘lmasdi. Ustozlarimiz bizga ofitsiantlik ham qilishgan. Sog‘lom insonlar uchun hech qanday ahamiyatga ega bo‘lmagan narsa biz uchun o‘tish kerak bo‘lgan to‘siq hisoblanadi. Qayerda bo‘lmaylik, ustozlarimiz ekskursiyalar tashkil etishardi. Muzeylar va galereyalarda bo‘lardik, hatto, u-bu xarid qilishimiz uchun shop-turlar ham tashkil etishgan. Negaki, qaysi qiz yoki ayol chet eldagi do‘konlarni aylanishni istamaydi, deysiz?! Ular o‘zimizni baxtiyor his qilishimiz uchun bizga hamisha e’tiborli bo‘lishdi, qo‘lidan kelgan barcha ishni qilishdi...

Timur Nizayev,

«Pravda Vostoka» sharhlovchisi.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech